Muammolarga birgalikda yechim izlanmoqda
Angor tumanining qadimiy “Angor” mahallasida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda viloyat, tuman hokimliklari mutasaddilari, Xalq qabulxonasi vakillari, viloyat tashkilot va idoralari, sektorlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Angor tumanining qadimiy “Angor” mahallasida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda viloyat, tuman hokimliklari mutasaddilari, Xalq qabulxonasi vakillari, viloyat tashkilot va idoralari, sektorlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
– Dardu-tashvishlaringizga sherik bo‘lib sizlarni rozi qilish, yanada to‘kin, farovon turmush kechirishlaringiz uchun qo‘limizdan kelgan barcha yordamni ko‘rsatish bizning asosiy vazifamizdir. Shu maqsadda bugun muammolaringizni tinglab, ularga birgalikda yechim izlash uchun keldik, – dedi viloyat hokimi T.Bobolov.
Sayyor qabulda 180 ga yaqin murojaat tinglandi. Oltmishdan ortiq murojaat joyida hal etildi. Muddat talab etadigan masalalar alohida nazoratga olinib, tezkorlik bilan qonuniy yechim topish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
– Qismatimda bor ekan, birinchi guruh nogironi bo‘lib qoldim, –deydi Sherobod tumani Istiqbol mahallasida yashovchi fuqaro Q.Qurbonov. – To‘rt nafar farzandim bor. Yashab turgan uyimiz ta’mirtalab bo‘lib qolgan. Uni sozlab olishim uchun mablag‘ yetmayapti, qish ham yaqinlashmoqda. Bu muammoni o‘ylab ko‘rib, viloyat hokimidan yordam so‘rashni lozim topdim. Dardimni aytgan edim, shu yerning o‘zida masala yechim topdi. Qisqa fursatda homiylar ko‘magi bilan uyimiz to‘liq ta’mirlab beriladigan bo‘ldi.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat hokimi Termiz shahri va tumanlardagi olis, chekka hududlarda 15 ta ommaviy sayyor qabul o‘tkazib, 2 ming 900 ga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini eshitdi. Shundan 2 mingga yaqini ijobiy hal etildi. Aholi muammolarini bartaraf etish uchun viloyat mahalliy budjetidan 8 milliard 580 million so‘m mablag‘ ajratildi. 123 kilometr ichki yo‘llar tuproq yo‘ldan tosh yo‘lga aylantirildi, 29 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yangidan ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, yuz mingdan ortiq aholining toza ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.
Vohaning eng chekka tog‘li hududi bo‘lgan Boysun tumanida o‘tkazilgan sayyor qabullar natijasiga ko‘ra, aholini uzoq yillardan buyon o‘ylantirib kelayotgan muammo – Duoba, Sangchil, Bog‘ibolo va Sayrob mahallasi hududida 4 ta ko‘prik qurish uchun viloyat mahalliy budjetidan 1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Denov tumanidagi tog‘li va olis O‘shor mahallasida bo‘lib o‘tgan sayyor qabuldagi murojaatlarga ko‘ra, hududda yangi qishloq oilaviy poliklinikasi bunyod etish uchun 800 million so‘m pul ajratiladigan bo‘ldi. Yuz o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishi boshlandi.
Joriy yilning sakkiz oyida o‘tkazilgan 20 ta "Tadbirkorlar qabuli"da 480 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti vakillarining muammolari tinglanib, yechimini topish yo‘llari izlandi. Hozirgacha ularning 390 ga yaqini shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi. 43 ta tadbirkorning murojaati bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga xat chiqarilib, muammolarini yechishga amaliy yordam ko‘rsatildi.