Muammolar yechimiga qaratilgan tanlovlar
Buxoroda Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashabbusi bilan “Buxoro viloyatida ijtimoiy muammolarni hal etishga fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etish” mavzusidagi davlat granti 1-tanlovida ishtirok etish masalasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda fond xodimlari, mahalliy Kengash deputatlari, viloyatdagi mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, hokim yordamchilari, NNT vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar qatnashdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan davlat granti tanlovi, loyihalarni taqdim etish hamda ngo.gov.uz platformasi imkoniyatlari haqida tushuntirish berildi.

– Bugungi kunda davlat rahbari tashabbusi bilan davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli ijtimoiy sheriklik yanada rivojlanmoqda. Fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga ko‘maklashish yo‘lida ta’sirchan jamoatchilik nazorati olib borilmoqda. Bunga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni dasturilamal bo‘lmoqda. Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan tanlovda mahallamizdagi mavjud muammoni bartaraf etish yuzasidan aniq manzilli mavzu e’lon qilindi. Mazkur tanlovda ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritishni maqsad qilganmiz, – deydi Buxoro shahridagi “Sherbudin” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zubayda Bahromova.
Seminarda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, davlat va jamiyat hayotida ularining faolligini yanada oshirish, ijtimoiy muammolar yechimiga qaratilgan tashabbus va loyihalarni amalga oshirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

ZOOM platformasi orqali o‘tgan o‘quv-seminarida davlat granti va ijtimoiy buyurtmalarni ajratish bilan bog‘liq barcha jarayonlar shaffofligini ta’minlashga qaratilgan ngo.gov.uz elektron platformasi imkoniyatlari haqida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mutaxassislari tushuntirish berdi.
O‘quv-seminarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan aniq javoblar oldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.