Muammolar yechimi – muvaffaqiyat omili
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ixcham va harakatchan, bozor o‘zgarishlari va iste’molchilar ehtiyojlariga tez moslashuvchan tarmoq sifatida mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ixcham va harakatchan, bozor o‘zgarishlari va iste’molchilar ehtiyojlariga tez moslashuvchan tarmoq sifatida mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ularning oldidagi mavjud to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish korxonalar barqarorligini ta’minlash va yanada rivojlantirishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.Poytaxtimizning Yashnobod tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati uchun qulay muhit yaratishga bag‘ishlangan konferensiya-seminarda ham asosiy e’tibor korxonalar takliflarini o‘rganish, ularga tuman, shahar va respublika idoralari miqyosida yordam berishga qaratildi.
Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, soliq va bojxona imtiyozlarini kengaytirishga katta ahamiyat berilayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Farmonga muvofiq tadbirkorlik faoliyati subyektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha rejali tekshiruvlar faqat oxirgi rejali tekshiruv davridan keyingi muddatni qamrab olishi belgilangan. Tadbirkorlik subyektlariga yo‘l qo‘yilgan xatolarni tekshiruv davom etayotgan davrning o‘zida to‘g‘rilash imkoniyatining yaratilishi ular faoliyati to‘xtatib qo‘yilishi va tugatilishining oldini oladi.
Yashnobod tumanidagi to‘rt mingga yaqin tadbirkorlik subyektining qariyb uch yarim mingtasi kichik biznes tarmog‘ida faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 907 korxona sanoat yo‘nalishidagi tadbirkorlik subyektidir.
Tumanda joriy yil boshida 249 kichik biznes subyekti faoliyat ko‘rsatmayotgani aniqlanib, ularning faoliyatini tiklash yuzasidan amalga oshirilgan izchil chora-tadbirlar samarasida 50 ga yaqin korxona faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi, 250 yangi ish o‘rni yaratildi. Kam quvvatli, faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalar, bo‘sh turgan va qurilishi tugallanmagan obyektlarni ishga tushirish va moliyaviy sog‘lomlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlar samarasida 14 bo‘sh turgan obyekt ishga tushirildi, bitta obyektda qurilish ishlari yakunlandi.
Tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga tumandagi 12 korxonaning 42 loyihasi kiritilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida tumanda 558,3 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, reja qariyb 160 foizga bajarildi.
– Prezidentimizning farmoni asosida joriy yil 20-avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoya qilishni yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda, – deydi “TSM Mexobrabotka” korxonasi rahbari Natalya Popova. – Xususan, tadbirkor faoliyatiga to‘sqinlik qilgan mas’ul xodimlar, tadbirkorni turli homiylik va shunga o‘xshash tadbirlarga majburiy jalb etgan nazorat qiluvchi hamda boshqa davlat organi mansabdor shaxslariga nisbatan javobgarlik belgilanishi shu turdagi muammolarning bartaraf etilishida muhim omil bo‘lmoqda.
Tadbirda mahalliy davlat hokimiyati, nazorat-tekshiruv idoralari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutasaddilari tadbirkorlarning savollariga atroflicha javob qaytardi.