“Muallimsiz, ta’limsiz biror soha rivojlanmaydi”
Donishmandlarning shunday fikri bor: “Maqtanish yomon, lekin maqtanadigan narsang bo‘lmasa undan ham yomon”. Men maqtanmoqchi, ulug‘lamoqchi bo‘lgan ulug‘ bir maskan bor. Bu ulug‘ ajdodlarimizga beshik bo‘lgan Buxoroi sharifdir. Darhaqiqat, Buxoro O‘zbekistondagi eng qadimiy madaniy markazlardan biri hisoblanadi. Qadim tarixga ega shahar yilning o‘n ikki oyida turistlarni o‘ziga chorlaydi. Buxorodagi boy tarix va madaniy-tarixiy obidalar har qanday kishini hayratga soladi.
Prezidentimizning Buxoroga tashrifi davomida ham ko‘hna zaminning jahon tamadduni rivojida tutgan o‘rni, boy tarixi, iqtisodiy salohiyati alohida e’tirof etildi.
Buxoroliklar bilan bo‘lgan uchrashuv nihoyatda samimiy o‘tdi. Davlatimiz rahbarining “Xalqning roziligiga erishish uchun odamlarning dardi bilan yashash kerak”, – degan samimiy fikrlari har qanday inson qalbida yurtiga bo‘lgan mehr-muhabbatni yanada jo‘sh urdiradi. Mana shunday ishchanlik kayfiyati bilan davlatimiz rahbari viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy sohalaridagi mavjud muammolarning yechimi uchun o‘z takliflarini berdi. Tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish asosida yangi ish joylarini yaratish, shu orqali yoshlarni ish bilan ta’minlash mumkinligi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, har bir millatning kelajagini yoshlar belgilaydi. Yoshlarga berilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilgan imkoniyatlar millat kelajagini, uning rivojlanish darajasi qanday bo‘lishini belgilaydi. Shu ma’noda, mamlakatimizda yoshlarga e’tibor nafaqat moddiy va ma’naviy jihatdan, balki ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilayotganligi bilan ham xarakterlanadi.
Buxoro qadimiy shahar. Bu yurtga har yili dunyoning turli mintaqalaridan minglab sayyohlar tashrif buyuradi. Davlatimiz rahbari Buxoro shahridagi qadimiy maskanlarni obodonlashtirish, shu orqali viloyatda turizmni yaxshilashga erishish mumkinligini alohida qayd etdi.
Ta’kidlash kerakki, tarbiya va ta’lim tushunchalari hamisha yonma-yon tilga olinadi. Boisi, tarbiyali insonning bir sifati uning bilimli bo‘lganligidadir. O‘zbek millati azaldan bashariyat tafakkuri xazinasiga ulkan hissa qo‘shib kelgan. Ayniqsa, Buxoroning ulug‘ alloma va fuzalolarining jahon tamaddunidagi o‘rnini bugun butun dunyo tan olgan. Xuddi shu jihatga e’tibor qaratgan yurtboshimiz fan va islom sivilizatsiyasiga hissa qo‘shgan ulug‘ allomalarimizning boy merosini targ‘ib qilish bugunning asosiy muammolaridan biri ekanligiga e’tibor qaratdi.
Ajdodlarimiz merosini targ‘ib qilish, ularni dunyoga tanitish uchun xalqaro miqyosida konferensiyalar tashkil qilish zarurligini aytib o‘tdi.
Mamlakat taraqqiyotida ta’limning o‘rni katta. Yurtimizda ta’lim tizimi jahon standartlari darajasida yuksalayotganligi ayni haqiqat. Bu borada yurtimizda ko‘plab islohotlar olib borilmoqda. Ixtisoslashgan maktablar soni yildan – yilga ko‘payib bormoqda. Har bir viloyatda “Prezident maktablari“ tashkil etilishi sohaning jahon standartlariga o‘tayotganligidan dalolat beradi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, albatta.
Mashhur yozuvchi Pirimqul Qodirov “Yulduzli tunlar” asarida qayd etganidek: “Buyuk ishlarni buyuk iste’dodlarsiz qilib bo‘lmaydi”. Bunday iste’dodlarga esa maktab beshik. Davlat rahbarining “Muallim, muallim, ta’lim...” degan fikrlari butun yig‘ilish ishtirokchilarini to‘lqinlantirib yubordi. Muallimsiz, ta’limsiz biror soha rivojlanmaydi, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari. Men bu fikr ostida muallim shaxsiga hurmat, uni e’zozlash g‘oyasi borligini his qildim. Bugun mamlakatimizda o‘quvchilarga keng imkoniyatlar yaratilgan. Ta’lim olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, til o‘rganishga katta e’tibor qaratilgan. Davlatimiz rahbari tomonidan 2+1 loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni maktab o‘quvchilari ikkita xorijiy tilni hamda kasb-hunarni egallashi bilan bog‘liq takliflari bugun amalda o‘z natijasini bermoqda.
Bugun yoshlarimiz innovatsion ta’lim qurshovida. “Ta’lim to‘g‘risidagi Qonun” ning yangi tahririda DUAL ta’lim – ya’ni o‘qib turib ishlash imkoniyati berilgan. Buning zamirida esa o‘sib kelayotgan yoshlarni ulug‘ ajdodlarimizning “Mehnatsiz turmush – o‘g‘rilikdir”, - degan mezonlari asosida tarbiyalash nazarda tutilganligini inkor qilib bo‘lmaydi.

Prezidentimiz o‘z ma’ruzalarida xotin-qizlar masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, “…odatda, biz ayolni avvalambor ona, oila qo‘rg‘onining qo‘riqchisi sifatida hurmat qilamiz. Bu, shubhasiz, to‘g‘ri. Ammo bugun har bir ayol oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi ham bo‘lishi kerak”, – degan so‘zlari ayollarga ishonchning ifodasi emasmi?! Ayollarga e’tibor bu – jamiyatga e’tibor. Chunki aynan ayollar o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasi hamda kamoloti yo‘lida ibrat maktabi sifatida namoyon bo‘ladi. Bugun respublikamizda olib borilayotgan keng islohotlar mazmunida xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratish, ularni jamiyatning faol kishisi sifatida qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar asosiy o‘rin tutganligini ko‘rishimiz mumkin. Chunki jamiyat taraqqiyoti, millatning taqdiri ayollarning jamiyatdagi o‘rni bilan belgilanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, uchrashuvda maktabgacha va maktab ta’limi tizimi, texnikum, kollej va oliy o‘quv yurtlarida yechimini kutayotgan masalalarni hal etish va ijobiy natijalarga erishish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi. Buxoro davlat pedagogika institutida ham ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq rejalar belgilab olindi. Ana shundan kelib chiqib, institutda o‘zim rahbarligimda pedagogik jamoamiz, mutaxassislarimiz mazkur yo‘nalishdagi ishlarni qayta ko‘rib chiqib, tubdan yaxshilash, sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha harakatni boshladik.
Tashrif davomida yurtboshimizning: “Ta’lim, ta’lim – muallim” degan chaqiriqlari shu sohaning bir vakili sifatida qalbimda g‘urur bag‘ishladi, katta mas’uliyat yukladi.
Bahodir Ma’murov,
Buxoro Davlat pedagogika instituti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor.
O‘zA