MSK raisi faollar, OAV vakillari bilan uchrashdi
Jizzax shahrida Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev mahalla fuqarolar yig‘inlarining bir guruh faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda Jizzax shahridagi MFY raislari, rais o‘rinbosarlari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilar, yoshlar yetakchilari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
MSK raisi joriy yilning 27 oktyabrida bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovining o‘ziga xos xususiyatlari, jumladan, ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga aralash saylov tizimi asosida bo‘lib o‘tadigan saylovning afzalliklari yuzasidan so‘z yuritdi.
[gallery-19144]
Shuningdek, saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, saylov jarayonlarida o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan ishtirok etuvchi kuzatuvchilarning huquq va majburiyatlari, saylov tizimida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar yuzasidan fikr almashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan mahalla faollari saylov jarayonlari yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.
Uchrashuv so‘nggida MSK raisi Zayniddin Nizamxodjayev jurnalist va blogerlarnig savollariga atroflicha javob berdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA