Mozambikda vabo tarqalishi mumkin
Mozambik davlati “Iday” siklonidan aziyat chekkaniga hali hech qancha fursat o‘tmay, mamlakatda vaboga chalinish holatlari qayd etildi.
Mozambik davlati “Iday” siklonidan aziyat chekkaniga hali hech qancha fursat o‘tmay, mamlakatda vaboga chalinish holatlari qayd etildi.
Euronewsning yozishicha, hukumat bugungacha mamlakatda vaboga chalinish bo‘yicha beshta holat qayd etilganini rasman tasdiqlagan.
Mozambik sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy vakili Ussene Isse o‘z intervyusida mamlakatda yuz bergan tabiiy ofat va uning oqibatlari vabo bilan bog‘liq vaziyatning yuzaga keltirganini aytib o‘tgan.
14 mart kuni Mozambikka “Iday” sikloni yopirilgan edi. Tabiiy ofat natijasida 700 nafardan ziyod inson halok bo‘ldi, yuzlab kishilar bedarak yo‘qoldi. Favqulodda hodisa tufayli uylari vayron bo‘lgan aholi vaqtinchalik lagerlarga joylashtirildi. Qutqaruvchilar kirib bora olmagan hududlar tashqi dunyodan ajralib qoldi, ichimlik suvi muammosi yuzaga keldi.
Xabarda qayd etilishicha, Mozambikdagi gumanitar krizis holatida vabo tez tarqalishi mumkin. Hozirda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mamlakatning tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan hududlariga 900 ming dozada vaksinalar jo‘natgan.