Moturidiylik – mo‘’tadil ta’limot
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Moturidiylik – mo‘’tadil ta’limot” mavzusida onlayn seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Bahrayn universiteti arab tili va islomshunoslik kafedrasi professori, islom ilmlari bo‘yicha yetakchi olim Adnon Muhammad Zarzur ma’ruza qildi.

– Ayni paytda insoniyat Imom Moturidiyning fikr-mulohazalariga ehtiyoj sezmoqda,– deydi Adnon Muhammad Zarzur.– Chunki inson qadr-qimmati, uning jamiyatda tutgan o‘rni Moturidiy ta’limotida yuksak o‘rinni egallashi, shubhasiz. Mazkur bilimlarni mufassal o‘rganish va tadqiq etish orqali “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida islom dinining ilm-ma’rifat, ma’naviy poklik, tinchlik-osoyishtalik, bag‘rikenglik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi g‘oyalarini aholiga, ayniqsa, yoshlarga yetkazish zarur.
Olim har qaysi yurtning milliy-diniy qadriyatlarini asrab-avaylash, yosh avlodni ezgu umuminsoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash, islom olamida mutaassiblik hamda aqidaparastlik g‘oyalari tarqalishining oldini olishda islom dini va Moturidiylik ta’limoti muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Seminarda so‘zga chiqqanlar Imom Moturidiyning hayoti, ilmiy faoliyatiga to‘xtalib o‘tishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
matbuot xizmati