Moturidiya ta’limotini o‘rganish: o‘tmish va bugun
Prezidentimiz joriy yil avvalida Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatda “jaholatga qarshi — ma’rifat” degan ezgu g‘oya asosida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va do‘stlik kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini targ‘ib etish kun tartibidagi asosiy masalalardan biri bo‘lib qolishini ta’kidlagandi.
Murojaatnomada hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy, kalom ilmi asoschisi Abu Mansur Moturidiy va Abu Muin Nasafiyning hayoti, ilmiy merosiga bag‘ishlangan hamda diniy bag‘rikenglik mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar va boshqa tadbirlar o‘tkazilishi kerakligi alohida qayd etildi.
Mazkur yo‘nalishda islohotlar davom etib, davlatimiz rahbarining joriy yilning 11 avgust kuni “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Markaz faoliyatiga ko‘ra, Imom Moturidiy faoliyatini o‘rganish vositasida bebaho merosni xalqqa, yoshlarga yetkazish muhim vazifa hisoblanadi.
Shu maqsadda islomiy ilmlar, xususan, kalom ilmi tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish sohasidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan anjuman, konferensiya, davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida bo‘lib o‘tdi. “Moturidiya ta’limotini o‘rganish: o‘tmish va bugun” mavzusida o‘tkazilgan ilmiy seminarda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davronbek Maqsudov, markaz ilmiy xodimlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, misrlik moturidiyshunos olim, doktor Ahmad Sa’d-Damanhuriy, tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Onlayn tadbirda Misrning al-Azhar universiteti taniqli moturidiyshunos olimi Abdulloh Muhammad Abdulloh Ismoil talabalarga “Moturidiya ta’limotini o‘rganish: o‘tmish va bugun” mavzusida ma’ruza qildi.
Ko‘hna Samarqandning Moturid qishlog‘ida tug‘ilib voyaga yetgan Abu Mansur al-Moturidiy tafsir, hadis, fiqh, mantiq kabi ilmlar ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan alloma hisoblanadi. U nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun islom olamida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan mutafakkirlardan biri bo‘lgan. Imom Abu Mansur Moturidiy o‘sha davr muhiti taqozosiga ko‘ra, islom dinining asl mohiyatini ochib berish va ta’limoti sofligini saqlab qolish borasida mantiqiy-ratsional dalillash uslubini qo‘shimcha tarzda kiritib, adashgan oqimlarning qarashlariga nisbatan ular tomonidan keltirilgan hujjatlar shakliga munosib va ular tomonidan tan olinishi mumkin bo‘lgan yo‘sinda raddiyalar bergan hamda shu zaylda hanafiy mazhabini uslub jihatidan boyitgan. Olimning bu xizmati katta tarixiy ish sanalib, u hanafiy mazhabi doirasida amalga oshirilgan. Natijada aqoid ilmi bo‘yicha o‘ziga xos maktab yuzaga kelgan.
Mutafakkir “Kitob at-Tavhid” (“Allohni yagona deb bilish haqidagi kitob”), “Kitob al-Maqomat”, “Ka’biy zalolatlarining boshlanishini rad qilishga bag‘ishlangan kitob”, “Mu’tazila g‘avg‘olari va undan qo‘rqmaslik haqidagi kitob bayoni”, “Qur’on ta’vili kitobi”, “Shariat asoslari”, “Kitob al-jadal”, “Dialektika haqida kitob” kabi asarlarni yozib qoldiradi.
Ilmiy seminarda taniqli moturidiyshunos olim Abdulloh Muhammad Abdulloh Ismoil moturidiya ta’limotiga oid Imom Abu Mansur al-Maturidiyning “Risala fi at-Tavhid”, Imom Abulmu’in an-Nasfiyning “Bahr al-Kalam”, Abulbarakot an-Nasfiyning “U’mda al-aqoid” va “al-E’timod fi al-e’tiqod”, Abu Ishoq as-Saffar al-Buxoriyning “Talxis al-adilla”, Imom Hasan ibn Abu Bakr al-Maqdisiyning “G‘oya al-marom fi sharh Bahr al-kalom”, Shamsuddin Samarqandiyning “al-Maorif fi sharh as-Sahoif”, Imom Nuruddin as-Sabuniyning “al-Bidoya fi usul ad-din” va “al-Kifoya fi al-Hidoya” kabi birlamchi manbalar haqida alohida to‘xtalib, ularning islom dinini to‘g‘ri tushunishdagi muhim ahamiyatiga urg‘u berdi.
Tadbirda ishtirokchilar Imom Moturidiyning asarlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyati va dolzarbligini yo‘qotmaganini, nodir qo‘lyozmalarda yozilgan bebaho ilmni yoshlarga yetkazish, ularni ezgu umuminsoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularda ma’naviy va ma’rifiy qarashlarimizga yot bo‘lgan zararli ta’sirlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish kerakligini qayd etdi.
Muxtasar aytganda, allomaning mahzan bitiklarini o‘rganish va keng targ‘ib etish bugungi kun uchun ham muhim ahamiyat kasb etib, yurtimiz olimlari tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, o‘tkazilib kelinayotgan seminarlar bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
N.Usmonova, O‘zA