«Moroshka» – Sirdaryo viloyati drama teatri sahnasida
Xalqimiz madaniyat, san’at sohasida ulkan yutuqlar va qadimiy merosga ega. Prezidentimizning tashabbus va ko‘rsatmalari bilan bu sohada ham muhim o‘zgarishlar, yangilanishlar ro‘y bermoqda.

Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi berilayotgan e’tibor va imkoniyatlardan unumli foydalanib, repertuarlarini boyitib borayapti. Buni teatr jamoasining 47-mavsumini san’atsevar sirdaryoliklar ko‘tarinkilik bilan qarshi olganligidan ham ko‘rish mumkin.
Ayniqsa, teatrning to‘liq rekonstruksiya qilinishi nafaqat mahalliy ijodkorlar va san’at ixlosmandlarida, balki, xorijlik san’at ustalarida katta qiziqish uyg‘otayotganligi shubhasiz.

Kuni kecha Sankt-Peterburgdagi "Moroshka" qo‘shiq va raqs teatri ijodkorlari konsert dasturi bilan Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri sahnasida chiqish qildi.
Tomoshabinlarga rus xalq cholg‘ulari orkestri hamohangligida balet va vokal ijrochilari ishtirokidagi "Peterburgning rus mo‘’jizasi" spektakli namoyish etildi.

"Rus dalasi", "Ismsiz balandlikda", "Moviy ko‘llarga qarayman" qo‘shiqlari tinglovchilarga manzur bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, mazkur teatr 11 yillik faoliyati davomida jamoa xalqaro tanlovlarda mukofotlarni qo‘lga kiritgan, dunyoning 11 mamlakatida gastrollarda bo‘lgan. Akademik musiqali teatr talablariga muvofiq ijro etilgan folklor asarlari asosida noyob konsert dasturini yaratgan.
Shuhrat Suyarov, O‘zA