MOQda velosport muhokama qilindi
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasida rejaga binoan "Tokio-2020" yakunlari, "Xanchjou-2022" va "Parij-2024" o‘yinlariga tayyorgarlikka bag‘ishlangan yig‘ilishlar davom etmoqda.
Shunday muhokamalardan biri O‘zbekiston velosport federatsiyasi vakillari bilan o‘tkazildi, deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston velosport federatsiyasi mutasaddilari, faxriylar, qishki va murakkab turlar bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi vakillari qatnashdi.
Velosportchilarimizning olimpiadadagi ishtiroki, tayyorgarlik jarayoni, sport turining ommaviyligini ta’minlash muhokama qilindi. 2019 yili Toshkentda veloshosse bo‘yicha o‘tgan Osiyo chempionati, sportchilarimizning 2 ta olimpiya yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani aytildi. Mavjud muammolar haqida keskin mulohazalar bildirildi. Ba’zi viloyatlarda hanuzgacha velosport federatsiyasi bo‘limi tashkil etilmagani, moddiy-texnik baza talab darajasida emasligi ta’kidlandi.
Muhokama jarayonida velosportni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda qabul qilingan qarori mazkur sport yo‘nalishini ommalashtirish, uning rivojini yangi bosqichga olib chiqish borasida dasturilamal bo‘lishi uqtirildi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA