Monopoliyaga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashildi
28-29 noyabr kunlari Samarqand shahrida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH)ga a’zo davlatlarning monopoliyaga qarshi siyosat bo‘yicha davlatlararo kengashining 57-majlisi hamda monopoliyaga qarshi qonunchilik talablari buzilishi holatlarini birgalikda bartaraf etish bo‘yicha shtabining 43-yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Unda O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston delegatsiyalari qatnashmoqda.
Dastlab MDHga a’zo davlatlarning monopoliyaga qarshi qonunchilik talablari buzilishi holatlarini birgalikda bartaraf etish bo‘yicha shtabning 43-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ishtirokchilar MDH mamlakatlari monopoliyaga qarshi qonunchiligining hozirgi holatini tahlil qildilar.
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Xalilullo To‘raxo‘jayev shtab doirasidagi hamkorlikning ahamiyatini alohida qayd etib, MDHga a’zo davlatlar o‘rtasidagi samarali hamkorlik globallashuv tahdidlariga tezkor javob berish imkonini berishi va davlatlar o‘rtasidagi ishonch mustahkamlanishini ta’kidladi.
Yig‘ilishda monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari buzilishining oldini olish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar, jumladan, raqobat sohasidagi qoidabuzarliklardan jabrlanganlarning fuqarolik huquqini himoya qilish va narxlarni davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy jihatlar, marketpleys platformalarining shaffofligini oshirish va antimonopol komplayens tizimlarini joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
– Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning monopoliyaga qarshi siyosat bo‘yicha davlatlararo kengashi hamda monopoliyaga qarshi qonunchilik talablari buzilishi holatlarini birgalikda bartaraf etish bo‘yicha shtabining O‘zbekiston mezbonligidagi yig‘ilishlarida muhim masalalar muhokama etilmoqda, – deydi Belarus Respublikasi monopoliyaga qarshi kurashish, tartibga solish va savdo vaziri Aleksey Bagdanov. – Eng muhimi, o‘zaro tajriba almashib, bir-birimiz bilan bog‘liq masalalarda fikrlashib olyapmiz. Monopoliyaga qarshi kurashish mamlakat iqtisodiyoti barqarorligini ta’minlash, adolatli narx siyosatini yuritish, davlat xaridlarida korrupsiyaning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan sohaga oid qonunchilik davlatlarimiz iqtisodiy siyosati bilan birga takomillashib borishi lozim. O‘zbekistonda bu borada keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlardan xabardormiz va bu o‘z samarasini berayotganini ham ko‘rib turibmiz. Biz ham o‘tgan yili monopoliyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonunlarimizni takomillashtirdik va yig‘ilishda bu haqda boshqa davlatlardagi hamkasblarimiz bilan fikr almashyapmiz.
[gallery-20590]
Yig‘ilishda O‘zbekiston delegatsiyasi kontrafakt mahsulotlarni sotishga javobgarlikni kuchaytirishni taklif qildi va bu ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Xalilullo To‘raxo‘jayev MDHga a’zo davlatlar monopoliyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri