Monomarkazda 27 yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunar o‘rgatilmoqda
Namangan shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida mehnat bozori talablarini o‘rganish asnosida 9 ta sohaning 27 yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv-kurslari tashkil etilgan.
Davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi markaz joriy yilning 22 fevralidan ish boshladi. Bu yerda yiliga 3 ming nafardan ziyod aholi kasb-hunarga o‘qitiladi. Markaz o‘quv xonalari kompyuter texnikalari, asbob-anjomlar, stanok, mulyaj kabi zarur o‘quv-amaliyot jihozlari bilan ta’minlangan.
Monomarkazga hududdagi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish bilan band bo‘lmagan aholi hamda “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi fuqarolar kasb-hunar o‘rganishga jalb etilmoqda. Markazni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilar tadbirkorlar tomonidan ish bilan ta’minlanadi.
[gallery-1570]
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA