Moliyaviy xizmatlarning tezlashishi yangi xavflarni yuzaga keltirmoqda
Huquqiy munosabat
Ma’lumki, raqamli to‘lovlar, elektron hamyonlar va mobil ilovalar orqali pul o‘tkazmalari kundalik hayotimizning odatiy qismiga aylandi. Moliyaviy xizmatlarning tezlashishi va qulaylashishi esa tabiiy ravishda yangi xavflarni ham yuzaga keltiradi.
Pulni bir necha soniyada bir hisobdan boshqasiga o‘tkazish mumkin bo‘lgan tizimda uning qayerdan kelgani, kimga yetib borgani va operatsiyaning haqiqiy manfaatdori kimligini aniqlash imkoniyati ham shunga mos ravishda rivojlanishi kerak. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda moliya bozorining rivojlanishi faqat yangi xizmatlar paydo bo‘lishi bilan emas, balki ularni xavfsiz, shaffof va risklarni hisobga olgan holda nazorat qilish mexanizmlarining takomillashishi bilan ham namoyon bo‘lmoqda.
Toshkent davlat yuridik universiteti Huquqni sohalararo o‘rganish ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi Sardor Xushvaqtov bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
– Bu mavzuda yaqqol misollaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2026-yil 8-may kuni 3266-5-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “To‘lov tizimlari operatorlari, elektron pullar tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarordir.
Mazkur hujjat 2020-yilda tasdiqlangan tegishli ichki nazorat qoidalariga qator o‘zgartirishlarni kiritdi. Mazkur o‘zgarishlarni shunchaki moliyaviy tashkilotlar zimmasiga yuklatilgan navbatdagi talablar sifatida baholash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Aksincha, ularning umumiy mazmuni bozor rivojlanishi bilan nazorat tizimini ham yangi bosqichga olib chiqish, ya’ni barcha mijoz va operatsiyalarga bir xil formal yondashuvdan ko‘ra real tavakkalchilikni aniqlash va unga mutanosib nazorat o‘rnatishga qaratilganini ko‘rsatadi.
Operatsiya ortida aslida kim turibdi? Birinchi muhim o‘zgarish benefitsiar mulkdor tushunchasiga tegishli. Benefitsiar mulkdor – mijozni yakunda nazorat qilayotgan, unga bevosita yoki bilvosita egalik qilayotgan yoki operatsiya uning nomidan amalga oshirilayotgan jismoniy shaxsdir. Yangi tahrir ushbu tushunchani yanada aniq belgiladi. Bu moliyaviy tashkilot uchun muhim amaliy signal beradi: mijozni tekshirish faqat ta’sis hujjatlarida kimning ismi yozilganini aniqlash bilan tugamaydi. Zarur hollarda kompaniyani yoki operatsiyani amalda kim nazorat qilayotgani ham tushunilishi kerak.
Yana bir yangilik – “paketli o‘tkazma” tushunchasining kiritilishidir. U bir nechta alohida to‘lov yoki o‘tkazmalardan iborat bo‘lib, bitta moliyaviy muassasaga yuboriladigan va yakunda bir yoki bir nechta shaxsga mo‘ljallangan o‘tkazmani anglatadi. Bu yerda muhim huquqiy farq mavjud. Paketli o‘tkazmaning o‘zi avtomatik ravishda shubhali operatsiya hisoblanmaydi.
Jumladan, qonuniy biznes bir vaqtning o‘zida bir nechta shaxsga to‘lov yuborishi mumkin. Muhim masala operatsiyaning texnik shakli emas, balki uning iqtisodiy mazmuni, ishtirokchilari va mavjud risklardir. Bu ham zamonaviy nazoratning asosiy tamoyilini ko‘rsatadi. Tizim “bitta belgi mavjud – demak operatsiya xavfli” degan yondashuvdan ko‘ra, holatni kompleks baholashga yo‘naltirilmoqda. Xodimlarni ishga qabul qilish ham risklarni boshqarishning bir qismi 3266-5-son hujjatning qiziqarli jihatlaridan yana biri shundaki, nazorat endi faqat mijoz bilan cheklanmaydi.
Ichki qoidalarga xodimlarni ishga qabul qilishda nomzodlarning lavozimga munosibligini jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq risklardan kelib chiqib tekshirish tartib-taomillarini kiritish talabi qo‘shildi. Buning sababi tushunarli. Moliyaviy tashkilot xavfsizligi faqat tashqi mijozga bog‘liq emas. To‘lov tizimlariga, mijoz ma’lumotlariga yoki nazorat mexanizmlariga kirish imkoniyatiga ega xodimlar bilan bog‘liq ichki risklarni ham boshqarish zarur.
Shu bilan birga hujjat barcha tashkilotlar uchun bitta universal tekshiruv algoritmini belgilamaydi. Asosiy tamoyil – riskka asoslangan yondashuv, ya’ni tekshiruvning darajasi lavozim va u bilan bog‘liq tavakkalchilikka mutanosib bo‘lishi kerak.
3266-5-son hujjat bilan ayrim bir martalik operatsiyalar bo‘yicha ilgari bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga bog‘langan chegara 175 million so‘m miqdorida aniq belgilandi. Bundan ham muhim yo‘nalish esa pul o‘tkazmalarining kuzatuvchanligi, ya’ni pul harakatini jo‘natuvchidan oluvchigacha aniqlash imkoniyatining kuchaytirilishidir. 28 bazaviy hisoblash miqdoriga teng yoki undan yuqori ichki to‘lov va pul o‘tkazmalarida jo‘natuvchi hamda oluvchi bo‘yicha kengroq identifikatsiya ma’lumotlari operatsiya bilan birga uzatilishi kerak. 28 BHMdan past operatsiyalar ham asosiy jo‘natuvchi va oluvchi ma’lumotlarisiz qolmaydi. Bank kartasi orqali tovar yoki xizmat uchun to‘lov qilinganda esa kartani jo‘natuvchi moliyaviy muassasadan oluvchi moliyaviy muassasagacha kuzatish imkoniyati ta’minlanishi belgilangan.
Bu talablarning mohiyati oddiy: noqonuniy operatsiya aniqlansa, moliya tizimida “pul qayerdan keldi va qayerga ketdi?” degan savol javobsiz qolmasligi kerak. Norezident – avtomatik ravishda yuqori risk degani emas Riskka asoslangan yondashuvning yana bir muhim ko‘rinishi norezidentlarga nisbatan qo‘llaniladigan mezonda namoyon bo‘ladi. Yangi tahrirga ko‘ra, O‘zbekiston vakolatli davlat organi tomonidan berilgan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami – JSHSHIRga ega norezidentlar faqat norezidentlik belgisi bo‘yicha tegishli yuqori risk mezonidan istisno qilinadi.
Bu “JSHSHIRga ega norezident umuman yuqori riskli bo‘la olmaydi” degani emas. Agar boshqa xavf omillari mavjud bo‘lsa, mijoz boshqa asoslar bo‘yicha yuqori riskli deb baholanishi mumkin. Bu ham bozor uchun muhim signal, nazorat mijozning bitta formal belgisiga emas, uning umumiy risk profiliga asoslanishi kerak.
Moliyaviy tashkilotlar uchun bu nimani anglatadi? Ushbu o‘zgarishlar to‘lov tizimi operatorlari, elektron pul tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari uchun faqat ichki hujjatlarga bir nechta yangi jumla qo‘shish bilan cheklanmaydi. Amaliy jihatdan mijozni aniqlash va tekshirish jarayonlari, benefitsiar mulkdorni belgilash usullari, axborot tizimlaridagi chegaraviy qiymatlar, pul o‘tkazmalari bilan birga uzatiladigan ma’lumotlar, monitoring mexanizmlari va xodimlarni ishga qabul qilish tartiblarini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga keladi.
Buning natijasida moliyaviy tashkilot uchun muvofiqlik talablari kuchayadi. Biroq boshqa tomondan, bozor uchun yagona va aniqroq qoidalar shakllanadi. Risklarni erta aniqlash, pul harakatining izini saqlash va haqiqiy benefitsiarni tushunish moliyaviy tizimning noqonuniy operatsiyalar uchun ishlatilishi ehtimolini kamaytirishga xizmat qiladi. Shu ma’noda 3266-5-son hujjatni faqat “yangi AML talablari” sifatida emas, rivojlanayotgan raqamli moliya bozorida nazoratning ham sifat jihatdan rivojlanayotganining belgisi sifatida ko‘rish mumkin.
Moliyaviy xizmat tezkor bo‘lishi kerak. Lekin tezkorlik shaffoflik va nazorat hisobiga bo‘lmasligi kerak. Zamonaviy moliya bozorining asosiy vazifasi aynan shu ikki maqsad o‘rtasidagi to‘g‘ri muvozanatni topishdir.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA