Moliyaviy jarimalar ikki baravar kamaytirildi
Prezidentimizning 2021 yil 21 apreldagi “Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga yangi imtiyoz berildi.
Joriy yilning 1 mayidan ularning eksport shartnomalari asosida xorijiy hamkorlarga yetkazib bergan tovarlari evaziga valyuta tushumini ta’minlamaslik, shuningdek, import shartnomalari asosida xorijiy hamkorlarga to‘lab berilgan valyuta mablag‘lari hisobiga shartnomada nazarda tutilgan tovarlarni keltirmaslik natijasida yuzaga kelgan muddati o‘tgan debitor qarzdorligi uchun qo‘llanilishi lozim bo‘lgan moliyaviy jarimalar ikki baravarga kamaytirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 maydagi 283-sonli qaroriga asosan, muqaddam ushbu turdagi qarzdorliklar uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan yuzaga kelgan qarzdorlik summasi 60 kundan 180 kungacha bo‘lgan muddatda bartaraf etilmasa mazkur summaning 10 foizi, 180 kundan 365 kungacha 20 foizi, 365 kun va undan ortiq muddatda bartaraf etilmaganda esa mavjud qarzdorlik summasining 70 foizi miqdorida jarima qo‘llanilgan bo‘lsa, davlatimiz rahbarining ushbu qaroriga bilan 2021 yil 1 maydan boshlab yuzaga kelgan qarzdorlik summasiga dastlab 5 foiz, keyin 10 foiz va oxirida 35 foizi miqdorida jarima qo‘llanilishi nazarda tutilgan.
Qarorda 2021 yil 1 may holatiga shakllangan tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan jarimalar qo‘llash to‘xtatilib, debitor qarzdorlik vujudga kelish muddatlari 2021 yil 1 maydan boshlab yangidan hisoblanishi belgilab qo‘yildi. Ushbu band bilan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘tgan 2018, 2019 va 2020 yillar davomida yo‘l qo‘yilgan muddati o‘tgan debitor qarzdorligi uchun moliyaviy jarimalar qo‘llanilishi to‘xtatilib, o‘tgan davrlarda amalga oshirilgan eksport yoki import operatsiyalarining oxirgi sanasi 2021 yil 1 may kuni sifatida belgilanadi.
Shunga asosan Surxondaryo viloyatida tashqi savdo operatsiyalari natijasida yo‘l qo‘yilgan muddati o‘tgan debitor qarzdorligi uchun joriy yil 21 aprel holatiga 111 ta korxona va tashkilotlarga nisbatan sud tartibida qo‘llanilgan 35,1 milliard so‘m miqdoridagi moliyaviy jarimalar bo‘yicha sud qarorlari o‘z kuchida qoladi. Viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan kiritilgan da’vo arizalar asosida sud tartibida qo‘llanilib bo‘lingan jarimalardan tashqari 2021 yilning 21 apreliga qadar iqtisodiy sudlarga navbatdagi moliyaviy jarimalarni qo‘llash uchun kiritilgan da’vo arizalariga ko‘ra, 90 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan hisoblangan jami 33,2 milliard so‘m miqdoridagi jarimalarni qo‘llash to‘xtatiladi. Bunda debitor qarzdorlik vujudga kelish muddatlari 2021 yil 1 maydan boshlab yangidan hisoblanadi. Agar ushbu tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qarzdorlik belgilangan muddatlarda bartaraf etilmasa ularga nisbatan 5, 10 va 35 foiz stavkada, ya’ni ikki barobar kamaytirilgan miqdorda jarimalar chorasi qo‘llaniladi.
I.Qurbonov,
Surxondaryo viloyat davlat soliq boshqarmasi tashqi savdo
operatsiyalarini monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i
O‘zA