Moliyaviy hisobotning milliy standarti ma’qullandi
O‘zbekistonda buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot tizimini takomillashtirishga qaratilgan muhim islohot amalga oshirildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan moliyaviy hisobotning milliy standarti rasman tasdiqlandi.
Yangi hujjat mamlakatda moliyaviy hisobotlarni tayyorlash va yuritishda yagona yondashuvni shakllantirishga xizmat qiladi. U korxonalar moliyaviy ma’lumotlarini yanada aniq, tushunarli va ishonchli ko‘rinishda taqdim etish imkoniyatini kengaytiradi.
Mazkur standart “Moliyaviy hisobotlarni tayyorlash asoslari hisob siyosati va hisob baholari” nomi bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Unda tashkilotlarda hisob siyosatini belgilash, moliyaviy ko‘rsatkichlarni baholash hamda xatolarni tuzatishning umumiy qoidalari aks ettirilgan.
Standartning asosiy maqsadi moliyaviy hisobotlar sifati va ishonchliligini oshirish, shu bilan birga, turli korxonalar va davrlar kesimida ma’lumotlarni taqqoslashni osonlashtirishdan iborat. U yurtimizda faoliyat yuritayotgan aksariyat yuridik shaxslarga tatbiq etiladi. Ayrim maxsus toifadagi tashkilotlar esa mazkur talablardan mustasno bo‘lishi mumkin.
Yangi tartiblar natijasida moliyaviy hisobotlar yanada shaffof bo‘lishi, biznes muhitida ochiqlik kuchayishi va investorlar uchun tushunarli ma’lumotlar bazasi yaratilishi kutilyapti. Shuningdek, kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchun xalqaro standartlarga moslashish imkoniyatlari kengayadi.
Mutaxassislarning fikricha, ushbu standart milliy buxgalteriya tizimini yangi bosqichga olib chiqib, uni xalqaro amaliyotga yaqinlashtirishda muhim o‘rin tutadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA