Mo‘l hosil bugungi agrotexnik tadbirlarga bog‘liq
Farg‘onalik dehqonlar azaldan paxta va g‘alla yetishtirish, bog‘dorchilik sohasida katta tajriba to‘plagan. Ayni kunlarda fermer xo‘jaliklarida g‘o‘za parvarishi agrotexnik tadbirlar asosida olib borilmoqda.
Dehqonlarimiz bugungi kunning har bir damini g‘animat bilib, g‘o‘zani sug‘orish, kultivatsiyalash, zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashish kabi tadbirlarni o‘z vaqtida, maromida bajarsalar, hech shubhasiz, paxta xirmoni yuksak bo‘ladi. Shunday ekan, hosilga hosil qo‘shiladigan hozirgi o‘ta mas’uliyatli pallada tunni tongga ulab, fidokorona mehnat qilish muhim vazifa sanaladi.

Viloyat tumanlarida “Zarbdor 45 kunlik” e’lon qilinib, 13 iyuldan 30 avgustgacha g‘o‘za parvarishida amalga oshirilishi dolzarb bo‘lgan tadbirlar belgilab olindi.
Yozyovon tumanidagi «Ahmadaliyev Shokirjon» fermer xo‘jaligida g‘o‘za rivojidagi amallarga muhim e’tibor qaratilmoqda. 29 gektar maydonda g‘o‘zaning «8290» navi ekilgan bo‘lib, baravj o‘smoqda.

– Mas’uliyatli pallada g‘o‘zani sug‘orish, ishlov berish, chekanka qilish tadbirlarini sifatli o‘tkazish muhimdir, – deydi fermer Shokirjon Ahmadaliyev. – G‘o‘za o‘suv davrida o‘g‘itlansa, ozuqa moddalar bilan yetarli darajada ta’minlanib, hosildor bo‘lib o‘sadi. Hozirga qadar ikki marta o‘g‘it solindi. Sug‘orish, chekanka ishlari ham olib borilmoqda. G‘o‘zalarimizning rivoji ancha yaxshi. Hosildorlikni 45 sentnerga yetkazishni niyat qilganmiz.
M. Sulaymonov, O‘zA