Misr Xalqaro hamkorlik vazirligida uchrashuv
Bugun Qohira shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov va Misr xalqaro hamkorlik vaziri o‘rinbosari Sherixan Bixeyt o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning samarali faoliyati savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi aloqalar rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Iqtisodiy aloqani yaxshilash, savdo hajmini mamlakatlarimiz salohiyatiga mos keladigan yuqori sifat darajasiga ko‘tarish maqsadida Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi 7-yig‘ilishini 2022 yilning ikkinchi yarmida Toshkentda o‘tkazishdan tomonlar manfaatdorligi tasdiqlandi.

Uchrashuvda tashqi savdo yuklarining logistika xarajatlarini kamaytirish va marshrutlarni optimallashtirish maqsadida ikki mamlakat transport vazirliklari o‘rtasida ishchi guruhni tashkil etish hamda hamkorlik bitimini imzolash imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.
Qohiradagi elchixonamizdan xabar qilishlaricha, suhbat chog‘ida mamlakatlarimizda o‘zaro hamkorlikda farmatsevtika, zamonaviy qurilish materiallari, to‘qimachilik va turizm infratuzilmasi sohalarini rivojlantirishga oid qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirildi.
O‘zA