Misr nashri O‘zbekiston yoshlari haqida
Mamlakatimizda yoshlar siyosatiga oid islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning iqtidorini yuzaga chiqarish uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yaqinda O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayevning mamlakatimizda tatbiq etilayotgan yoshlar siyosati, jumladan, Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar haqidagi «2021 yil – O‘zbekistonda yoshlar uchun imkoniyatlar yili» sarlavhali maqolasi Misrning nufuzli davriy bosma nashrlaridan biri – ingliz tilida chop etiladigan «Sada El-Balad» jurnali sahifasida bosildi. Unda O‘zbekiston aholisining 60 foizdan ziyodini yoshlar tashkil etishi mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega ekani qayd qilingan. Yoshlarning munosib avlod bo‘lib shakllanishi yo‘lida muhim qarorlar qabul qilinayotgani alohida ta’kidlangan.
Maqolada muallifning demografik dividendga ega bo‘lish, yoshlarni zarur ko‘nikmalar bilan qurollantirish, bu yo‘nalishda yoshlarning ta’lim olishi va ularning bandligi ta’minlanishi bo‘yicha aniq strategiya ishlab chiqilishi, shuningdek, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflari hamda fikr-mulohazalari o‘z ifodasini topgan.
Muhtarama Komilova, O‘zA