“Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovining g‘oliblari bo‘lishdi
Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida ilm-fan, innovatsiya va zamonaviy g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish hamda ularni ilmiy faoliyatga keng jalb etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida tashkil etilgan “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovida Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali talabalari faol ishtirok etishib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritishdi.
Natijalarga ko‘ra, filialning 301-23-guruh talabasi Usmon Berdiyev hamda M 101-25-guruh talabasi Diyora Qarshiboyeva tanlovning respublika bosqichida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, o‘zlarining bilim, izlanuvchanlik va innovatsion yondashuvga ega ekanliklarini namoyon etishdi.
– Talabalarimiz tanlov doirasida o‘zlarining ilmiy-ijodiy loyihalari bilan ishtirok etishdi, – deydi filialning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Abdug‘aniyev. – Ular tomonidan taqdim etilgan ishlar zamonaviy texnologiyalar, kimyo-texnologik jarayonlarni takomillashtirish hamda innovatsion yechimlarni ishlab chiqishga qaratilgan bo‘lib, hayotiy muammolarni ilmiy yondashuv asosida hal etishga yo‘naltirilgan.
Tanlov nizomiga muvofiq, ishtirokchilardan ilmiy-amaliy loyihalar ishlab chiqish, mavjud muammolarga innovatsion yechimlar taklif etish hamda ularni hayotiy asosda asoslab berish talab etilgan. Yangiyerlik talabalarning ishlari aynan ana shu mezonlar asosida yuqori baholangan.
– Ochig‘ini aytganda, bu kabi tanlovlar yoshlarning ilmiy tafakkurini rivojlantirish, ularni mustaqil izlanishga o‘rgatish hamda innovatsion g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Otabek Abdug‘aniyev.
Eng muhimi, tanlov g‘oliblari kelgusida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni davom ettirish, yangi loyihalarni ishlab chiqish hamda mamlakatda innovatsion rivojlanish jarayonlariga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilgan.
– Bunday natijaga erishishimizda ustozlarimizning hissasi katta. Ularning tavsiya va maslahatlariga amal qilgan holda ushbu loyiha ustida ishladim. Bu esa nufuzli tanlovda g‘olib bo‘lishimga zamin yaratdi. Kelgusida katta rejalarim bor. O‘z ustimda ishlab, ko‘proq o‘qib-o‘rganishni va izlanishni davom ettiraman. Buning uchun Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida barcha sharoitlar mavjud, – deydi Diyora Qarshiboyeva.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri