Mirzacho‘llik yoshlar ko‘pkurash g‘olibi
Jizzax shahridagi “Sug‘diyona” markaziy o‘yingohida bo‘lib o‘tgan ko‘pkurash harbiy vatanparvarlik musobaqasining viloyat bosqichida o‘z hududlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Baxmal, Zomin, Mirzacho‘l, Forish va Yangiobod tumanlaridan bittadan jamoa ishtirok etdi.
Dastlab, viloyat, tuman hokimliklari, DXX chegara qo‘shinlari boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash viloyat bo‘limi, jamoatchilik vakillari, tumanlardan jamoalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yetib kelgan tomoshabinlar guruhi ishtirokida musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda, ushbu ko‘pkurash musobaqasini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – chegaraoldi hududlardagi uyushmagan yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom, barkamol avlod etib voyaga yetkazishdan iborat ekanligi ta’kidlandi.
Ko‘pkurash musobaqasining savol-javob qismida ishtirokchilar buyuk sarkarda, soxibqiron Amir Temurning harbiy qo‘shinlari tarixi bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazgan bo‘lsa, AK-Kalashnikov avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish, arqon tortish, estafeta tayoqchasi bilan yugurish, tosh ko‘tarish kabi shartlar bo‘yicha kuch sinashdi.

Qizg‘in, keskin va murosasiz kurashlarga boy o‘tgan musobaqada birinchi o‘rin Mirzacho‘l tumani yoshlariga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni baxmallik yosh chegarachilar qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Yangiobod tumani uyushmagan ko‘pkurashchi yoshlari uchinchi pog‘onani band etdi.
G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilarning diplom, medal hamda qimmatbaho sovg‘alari va jamoa uchun ko‘chma kubok tantanali ravishda topshirildi. Shu o‘rinda, musobaqalarda har tomonlama faollik ko‘rsatgan barcha bellashuv qatnashchilariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirilganini ham ta’kidlab o‘tish lozim.

Musobaqaning taqdirlash marosimi nihoyalangach, respublikamiz poytaxtidan kelgan taniqli san’atkorlar ishtirokida namoyish etilgan konsert dasturi yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat) O‘zA