Mirishkorlar bahorgi dala ishlariga kirishgan
FOTOREPORTAJ
Ayni kunlarda qishloq xo‘jaligi sohasida bahorgi dala yumushlari avjida.
Namangan viloyati Uychi tumani Mashad mahallasi hududida yigirma sotix yer maydonida tashkil etilgan beshta issiqxonada ikki yuz ming tup bodring, pomidor, qalampir, baqlajon ko‘chati yetishtirilmoqda. Rediska hosili mahalliy bozorga peshma-pesh yetkazilayotir. Ushbu ekinning o‘zidan kuniga 2-3 million so‘mlik daromad olinmoqda. Issiqxona ishlariga mahallaning 12 nafar xotin-qizi jalb etilgan.
Tuman fermer xo‘jaliklari mirishkorlari ham mo‘l hosil taraddudida agrotexnik tadbirlarga kirishgan.
Joriy yilda tumanda 4548 gektar maydonga chigit ekiladi. 18647 tonna paxta hosili olinishi ko‘zda tutilgan. 145 ta paxtachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligida 2282 gektar maydonda yer tayyorlash, 1115 gektar maydonda pushta olish ishlari olib borildi. Xususan, “Al Mashhad saxovati fayz” fermer xo‘jaligida yerni chigit ekishga sifatli tayyorlash maqsadida yer tekislash jarayoni davom etmoqda. “Oltin gavhar zumrad” fermer xo‘jaligida esa chigit ekishga qadar yerdan ikki marta hosil olish tajribasi qo‘llanilmoqda. Bu yil paxta yetishtirish rejalashtirilgan maydonning 40 sotixida parvarishlangan rediska ayni paytda daromadga kirgan. Yer qisqa muddatda hosildan bo‘shatilib, chigit ekishga tayyorlanadi.
[gallery-22190]
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA