Mintaqaviy vakil maxsus davolash koloniyasida bo‘ldi
Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Huseynova viloyatdagi sil kasalligiga chalingan mahkumlar saqlanadigan 20-sonli maxsus davolash jazoni ijro etish koloniyasida bo‘ldi.
Vakil mahkumlar murojaatlarini o‘rganish maqsadida ushbu muassasaga monitoring ishlarini amalga oshirdi. Dastlab tibbiyot bo‘limiga kirib, mahkumlarga yaratilgan sharoitlar, tibbiyot xodimlarining xizmat xonalari, bemor mahkumlar saqlanadigan palatalar hamda ruhiy tinchlantirish xonasidagi sharoitlar bilan tanishdi. Muassasada yetarli dori-darmon vositalari, laboratoriyalar, texnik jihozlar, jumladan rentgen apparati, stomatolog ish stoli va boshqa kerakli vositalar foydalanishga yaroqli holatda ekanligi aniqlandi.

So‘ng mintaqaviy vakil koloniyada mahkumlar uchun mo‘ljallangan oshxona va mahkumlarga ovqat tayyorlash jarayoni, taomnoma bilan tanishdi. Oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash joylari ko‘zdan kechirildi.
Koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning yaqin qarindoshlari bilan qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlarga mo‘ljallangan xonalar ham ko‘zdan kechirildi. Chunki maxsus koloniyada sog‘aygan mahkumlar darhol ajratilib, ularning salomatligi tekshirib turiladi. Ularning yaqinlari kelib mahkum bilan uchrashishlari mumkin. Izolyatsiyalangan mahkumlarga uzoq muddatli uchrashuvlarga ruxsat berilmaydi. Bu tartib ularning oila a’zolarining sog‘lig‘ini saqlash maqsadida joriy etilgan.

Mahkumlarning ariza va shikoyatlari uchun mo‘ljallangan “Ombudsman quti”laridan murojaatlar olinib, o‘rganish uchun olib ketildi.
Koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumlar bilan sayyor qabul o‘tkazildi. Murojaatlari bo‘yicha sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qilingan holda birma-bir suhbatlashildi. Murojaatlari yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi.
Ombudsmanning Buxorodagi mintaqaviy vakili koloniyada ishlaydigan xodimlar bilan ham suhbatlashdi. Ularga qonunchilikda belgilangan sharoitlar yaratib berilganligi, oylik ish haqlarini to‘lanishida kechikishlar yo‘qmi, degan savollarga javob olindi.

O‘rganish yakunlariga ko‘ra, koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumlar shu yerda xo‘jalik ishlariga jalb etilib, jazo o‘tayotgan mahkumlarga yaratilgan sharoitlar yuzasidan kamchiliklar aniqlanmadi.
Zarif Komilov,O‘zA