Minnatdorchilik xatlari ota-onalarga topshirildi
Vatan oldidagi burchiga sadoqatini namoyon etgani, davlat chegarasini qo‘riqlashda jasorat ko‘rsatgani, namunali harbiy intizomi bilan safdoshlariga o‘rnak bo‘lgani uchun Jizzax viloyatidan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan uch nafar yigit O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati rahbariyatining “Minnatdorchilik xati” bilan taqdirlandi.
Ota-onalar uchun farzandining yutuqlarini, kamolini ko‘rishdan ortiqroq baxt bo‘lmasa kerak. Yaxshi niyat bilan tarbiyalab, kamolga yetkazgan o‘g‘li yo qizi vaqti kelib, yurt koriga kamarbasta bo‘lsa, ota-onaning xursandchiligi, g‘ururi o‘n chandon oshadi.
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan jizzaxlik Otabek G‘aniyev Vatan oldidagi yigitlik burchini Namangan viloyatidagi DXXning Chegara qo‘shinlariga qarashli “N” harbiy qismda a’lo darajada o‘tamoqda. Jizzax shahridagi 2-sonli umumta’lim maktabida tashkil etilgan tadbirda Otabekning onasi Dildora Rahmonovaga o‘g‘li nomiga O‘zbekiston Respublikasi DXX rahbariyati nomidan bitilgan “Minnatdorchilik xati” tantanali ravishda topshirildi.
[gallery-22080]
Xuddi shunday faxr va g‘urur tuyg‘usini Jizzax shahri Sayxon mahallasida yashovchi Ma’rifat opa Toshboyeva ham ko‘nglidan o‘tkazganligi, shubhasiz. Chunki Qashqadaryo viloyatida muddatli harbiy xizmatni a’lo darajada olib borayotgan o‘g‘li Ollado‘st Raimqulov ham O‘zbekiston Respublikasi DXX rahbariyatining “Minnatdorchilik xati” bilan taqdirlangan va ushbu minnatdorchilik maktubini esa Ma’rifat opa faxr va mamnuniyat ila qabul qilib oldi.
Jizzax viloyati Paxtakor tumanining Bog‘ishamol mahallasida yashovchi Olimjon Yusupov hamda uning turmush o‘rtog‘i Tursunoy Risbekovaning o‘g‘illari Samandar Shirinboyev ham bugungi kunda muddatli harbiy xizmatda, u Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida DXXning Chegara qo‘shinlari safida o‘z yigitlik burchini a’lo darajada bajarib kelmoqda.
Viloyatning uch joyida 3 nafar harbiy xizmatchining ota-onalari, yaqinlari, mahalla faollari, maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari ishtirok etgan tadbirlarda ularning namunali harbiy xizmati o‘quvchilarga o‘rnak sifatida ko‘rsatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati rahbariyatining “Minnatdorchilik xati” har uchala maktabda tantanali tarzda o‘qib eshittirildi va ota-onalariga topshirildi.
Bu kabi tadbirlar yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ular ongida ona Vatan oldidagi daxldorlik hissi yuksalishiga hissa qo‘shadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari