Mingechevirda O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligida yangi to‘qimachilik loyihasiga start berildi
Bu haqda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi axborot xizmati ma’lum qildi. Xabarda qayd etilishicha, Ozarbayjonning Mingechevir sanoat parkida O‘zbekiston va Ozarbayjon kompaniyalari ishtirokida yangi to‘qimachilik majmuasini tashkil etish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasi amalga oshirila boshlandi.
Joriy yilning 26-sentabr kuni mazkur loyihaga rasmiy start berildi. Tadbirda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, “Azersheker” MCHJ Kuzatuv kengashi raisi Nasib Islomzoda hamda O‘zbekistonning “Global Textile Group” kompaniyasi raisi Muzaffar Razzoqov ishtirok etdi. Ular korxona qurilishi boshlanishini ifodalovchi ramziy tugmani bosdi.
“Textile Horizon” MCHJ loyihasida O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiya jamg‘armasi, O‘zbekistonning “Global Textile” MCHJ hamda Ozarbayjonning “Azersheker” MCHJ ta’sischi sifatida ishtirok etmoqda.

Yangi majmua 11,2 gektar maydonda joylashadi. Unda paxta yetishtirishdan boshlab, mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni birlashtiruvchi to‘liq ishlab chiqarish zanjiri yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, lint, ip-kalava, bo‘yalgan mato va tayyor kiyim-kechak mahsulotlarini ishlab chiqarish nazarda tutilgan.
Korxona to‘liq quvvatda ishlaganida bir yilda 16 ming tonna lint, 11 ming tonna ip-kalava va 7,3 ming tonna bo‘yalgan mato ishlab chiqarishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, yillik tayyor mahsulot hajmi 11 million dona ko‘ylakni tashkil etadi.
Loyiha doirasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Ozarbayjon ichki bozoriga yetkazib berish bilan birga, tashqi bozorlarga eksport qilish ham rejalashtirilgan.
Mazkur tashabbus ikki davlat o‘rtasidagi to‘qimachilik sanoatida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini ko‘paytirishga qaratilgan. Loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekiston va Ozarbayjon kompaniyalari o‘rtasida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini shakllantirish uchun ham imkoniyat yaratadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA