Mingbuloqda bahorgi yumushlarning borishi o‘rganildi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruh Mingbuloq tumanida bahorgi yumushlarning borishini o‘rgandi.
Dastlab markaziy MTPda qishloq xo‘jaligi texnikalarini mavsumga tayyorgarligi ko‘zdan kechirildi.
Tumanda hozirda 9141 gektar maydonda g‘alla parvarishlanayotgan bo‘lib, joriy yilgi g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumiga 51 ta yuqori unumli g‘alla o‘rish kombayni va boshqa agregatlar tayyorlanmoqda.
Viloyat rahbari ta’mirlash jarayonlari bilan tanishib, mexanizator va chilangarlarga munosib mehnat sharoiti yaratish masalasiga e’tibor qaratdi.
[gallery-17279]
O‘rganish davomida tumanning “Istiqbol” MMTP hududidagi “Pirmatov Nurmamat” fermer xo‘jaligida g‘o‘za maydonlarini kultivatsiya, kasalliklarga qarshi kurashish va yerni chuqur yumshatish ishlari ko‘zdan kechirildi.
Viloyat rahbari fermerlar bilan suhbatlashib, texnika kuchidan samarali foydalanish barobarida urug‘ unib chiqmagan ola joylarni to‘ldirish, yaganalash borasida ko‘rsatmalar berdi.
Ishchi guruh “Istiqbol” MMTP hududidagi “Shahboz Azimjonovich” fermer xo‘jaligida ham bo‘lib, dalani begona o‘t bosgani, g‘o‘zani yaganalash kechikayotgani bildirib, fermerga bu borada topshiriqlar berdi.
Viloyat rahbari tumanda pillakorlar faoliyatiga alohida e’tibor qaratdi.
Uyurchi Damko‘l mahallasi, Mirzaobod ko‘chasida istiqomat qiluvchi Nozimjon Qurbonov xonadonida ayni jarayon bilan tanishildi.
Har yili 1 quti ipak qurti parvarishlab, o‘rtacha 85-100 kilogramm atrofida sifatli sanoat xomashyosi yetishtirayotgan oila tomorqadan ham samarali foydalanmoqda.
– Mehnat qilib, aslo kam bo‘lganimiz yo‘q, - deydi xonadon bekasi Odina Qurbonova. – Pilla mavsumida 25 kunda 5 million so‘mdan ortiq daromad olaman. Shu bilan birga, ish stajim ham yoziladi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA