Ming xil salqin ichimliklar
Bu dunyoda jamiki jonzod suv bilan tirik. Ayniqsa, hozirgi issiq kunlarda salqin ichimliklarga ehtiyoj yanada ortadi. Chanqasak, istalgan do‘konga kirib qadoqlangan suv yoki sharbat olib ichamiz. Do‘konu bozorlarda turli salqin ichimliklar taxlab qo‘yilgan.
Bu dunyoda jamiki jonzod suv bilan tirik. Ayniqsa, hozirgi issiq kunlarda salqin ichimliklarga ehtiyoj yanada ortadi. Chanqasak, istalgan do‘konga kirib qadoqlangan suv yoki sharbat olib ichamiz. Do‘konu bozorlarda turli salqin ichimliklar taxlab qo‘yilgan.Buning nimasi ajablanarli, dersiz. To‘g‘ri, bunday mo‘l-ko‘lchilik hozir har bir jabhada, hamma joyda oddiy holga aylangan. Lekin har doim shunday bo‘lganmi? Gap ana shunda...
– 1985-yil kenja o‘g‘limni uylantiradigan bo‘ldik, – deydi g‘allaorollik Abduvali Turonov. – U paytlarda to‘yga gazli suv qo‘yish u yoqda tursin, ichishga topish amrimahol edi. Jizzaxdan topolmay Toshkentga keldim. Salqin ichimliklarning limonad va «Toshkent suvi» degan ikki xili bo‘lardi, xolos. Shu ham yetishmasdi... Bugun yuzlab yaxna ichimlik bor. Shifobaxsh buloq suvi deysizmi, meva sharbatlari deysizmi, ekologik toza ichimliklar bozor rastalarida, savdo shoxobchalarida ko‘zni quvnatib turibdi. Avvalgidek topilganini emas, xohlaganingizni xarid qilasiz. Buyurtma asosida uyga ham olib kelib berish xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Bularning hammasi mustaqilligimiz sharofatidan.
Iqtisodiyot vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda salqin ichimliklar ishlab chiqaradigan olti yuzdan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bu korxonalarda yuzdan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2011-yil 31-oktabrdagi “2012-2015-yillarda respublika oziq-ovqat sanoatini boshqarishni tashkil etishni yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu jarayonda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
“Family”, “Bonaqua”, “Shaffof”, “Silver”, “Baraka”, “Arktika”, “Montella”, “Nestle”, “Hydrolife” kabi ichimlik suvlari, “Aqua Marin”, “Kavsar”, “Arctea”, “Libertea”, “Ays”, “Bayce”, “Dinay”, “Smile” va boshqa nomlardagi sifatli salqin ichimliklar, “Hey!”, “Bliss”, “Sochnaya dolina”, “Dena”, “Meva”, “Dolce” kabi sharbatlar yurtdoshlarimiz tomonidan sevib iste’mol qilinadi. “Master Global Plyus”, “Yevro fud treyd”, “Agromir-Samarqand”, “Fense”, “Fuse tea” kabi yirik korxonalarda yurtimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlardan turfa sharbatlar, konserva mahsulotlari, yaxna choylar va suvlar ishlab chiqarilmoqda.
Bugun do‘konlarimizda taklif etilayotgan mahsulotlar eng nozikta’b xaridorga ham manzur bo‘ladi. Bu ichimliklar nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham o‘z xaridorlariga ega.
Yurtimizda shifobaxsh minerallarga boy yer osti suvi manbalari juda ko‘p. Inson salomatligi uchun foydali mikroelementlarga boy bunday suvlarni qadoqlab, aholiga yetkazish izchil rivojlanmoqda. Mineral suvlar ishlab chiqaradigan ko‘plab korxonalar muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. “Fruitjuise” mas’uliyati cheklangan jamiyati shulardan biri.
2015-yilda o‘z faoliyatini boshlagan mazkur korxona iste’molchilar ishonchini qozonib ulgurgan. Ish jarayonida chet eldan keltirilgan ilg‘or texnologiyalar qo‘llanilayotgani mahsulotning yuksak sifatini ta’minlashga xizmat qilmoqda. “Fruitjuise”da faoliyat yuritayotgan malakali mutaxassislar mahsulotning qamrovi va turini kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu yerda kattalar va bolalar uchun shifobaxsh ma’danli suvlar ishlab chiqariladi. “Tyan-Shan” nomi ostida tayyorlanayotgan, tetiklantiruvchi xususiyatga ega, inson sog‘lig‘i uchun zarur mikroelementlarga boy bunday suvlarga talab yuqori. Korxonada bejirim va o‘ziga xos usulda turlicha qadoqlanayotgan mahsulotni xonadonlarga va tashkilotlarga yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan.
Poytaxtimizdagi “Green World” O‘zbekiston – AQSh – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan turli sharbatlar, murabbo, shinni va konservalangan tuzlamalar tayyorlanadi. Bejirim qadoqlanayotgan meva sharbatlari yuqori sifati, xushta’mligi va tabiiyligi bilan ajralib turadi.
– Korxonamiz 1999-yili o‘z faoliyatini boshlagan, – deydi “Green World” qo‘shma korxonasi rahbari Avaz Ismoilov. – Mahsulotlarimiz yuz foiz tabiiy, barcha zarur vitaminlarga boy. Bu moddalar organizmda qanchalik ko‘p bo‘lsa, o‘zimizni shunchalik bardam sezamiz. Bugungi kunda yurtimizning barcha hududlariga meva sharbatlari va o‘n turdagi konservalangan mahsulotlarni yetkazib bermoqdamiz. Shu bilan birga, Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa ko‘plab davlatlarga mahsulotlarimizni eksport qilmoqdamiz. Xorijda mahsulotlarimizga talab kun sayin ortmoqda.
Shifokorlarning aytishicha, vitaminlarga boy sharbatlar inson organizmidagi immunitetni oshirishga va stress holatining oldini olishga yordam beradi. Ularning modda almashinuvini yaxshilashi ilm-fanda isbotlangan.
Yurtimizdagi bunday mo‘l-ko‘lchilik istiqlol sharofati, Prezidentimiz rahnamoligida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, xalqimiz farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.