Minbuloq hokimi olis hududdagi maktabda dars jarayonlarini kuzatdi
Mingbuloq tumani Nurshod Xudoyberdiyev tuman markazidan 35 kilometr olis hududda joylashgan Alami mahallasidagi 32-sonli umumta’lim maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Hokim dars jarayonlari, ta’lim sifati, o‘quvchilarning darslardagi ishtiroki, kundalik daftarlarining yuritilishi, o‘quv xonalarining isitish tizimini ko‘zdan kechirdi. Ta’lim sifati, o‘quvchilarning davomati bilan qiziqdi. Shuningdek, tuman hokimi ingliz tili darsida o‘quvchilar bilan dars jarayonini kuzatdi.

- Maktab ta’limini rivojlantirish masalasini buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylantirishimiz kerak. Buning uchun har birimiz ta’limga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishimiz, ayniqsa, bu borada muallimlar mas’uliyatini oshirish lozim, - dedi Nurshod Xudoyberdiyev.
Tuman rahbari mazkur o‘quv dargohidagi isitish tizimida ayrim muammolar borligini qayd etdi.

Mavjud kamchiliklarni tez orada bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlar mutasaddilariga aniq topshiriqlar yuklatildi.
Shu kunni o‘zida Nurshod Xudoyberdiyev mahalla hududidagi 56-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishdi. Karantin choralari yumshatilganidan keyin mazkur muassasa faoliyati to‘liq qayta tiklandi.

Bog‘chada tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan qulayliklar, bolalarga tayyorlangan taomnomalar, omborxonadagi mahsulotlarni, isitish tizimlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati bilan tanishdi.
Bu yerda ham isitish tarmoqlarida kamchiliklar borligi aniqlanib, ularni tez orada tuzatish bo‘yicha kommunal soha tashkilotlari rahbarlariga ko‘rsatmalar berdi.

Oqilxon Dadaboyev, Shoxruh Kenjayev (surat), O‘zA.