“Milton” to‘foni: ofatning dastlabki qurbonlari
AQSH ommaviy axborot vositalari kuni kecha Florida shtatiga yopirilgan “Milton” to‘fonining dastlabki qurbonlari haqida xabarlar tarqatmoqda.
“Vashington post” mahalliy hokimiyat idoralariga tayanib, hozirgacha ofat qurbonlari soni 14 kishiga yetganini yozdi.
Avvalroq ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas tabiiy ofatdan kamida 10 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi.
Aniqlanishicha, chorshanba kuni tornado oqibatida olti kishi hayotdan ko‘z yumgan. Volusha okrugi ma’muriyati to‘rt kishining o‘limini qayd etdi. Ular orasida uyiga daraxt qulagan ikki ayol ham bor. Sankt-Peterburg va Sitrus okrugida ham shuncha odam halok bo‘lgan.

Chorshanba kuni kechqurun Floridaning g‘arbiy sohiliga yetib kelgan “Milton” to‘foni Saffir-Simpson shkalasi bo‘yicha 3-toifa darajasini ko‘rsatdi. Bungacha ham bir necha dovul shtatdan o‘tib, qo‘shimcha vayronagarchilikka sabab bo‘ldi.
“Power Outage.us” monitoring portali yozishicha, tabiiy ofat tufayli Floridaning taxminan 3,4 million aholisi elektr ta’minotidan uzildi.
7 oktyabr kuni Prezident Jo Bayden shtatda favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Shuningdek, u mahalliy hukumatlarga federal miqyosda yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Iqtisodchilar allaqachon to‘fon keltiradigan moliyaviy zararni hisoblashga kirishgan. Masalan, “Fitch Ratings” agentligi ma’lum qilishicha, 2024 yil bu raqam 100 milliard dollardan osharkan. Shuningdek, tegishli hujjatda qayd etilishicha, Milton tufayli sanoatda sug‘urtalangan yo‘qotish yanada ko‘proq. Bunday holat ketma-ket beshinchi yil takrorlanishi. 2022 yil “Yan” to‘foni sodir bo‘lganda mamlakat 60 milliard dollar ziyon ko‘rgan edi.

2005 yil 22-30 avgust kunlari yuz bergan Katrina to‘foni AQSH tarixidagi eng halokatli hodisa sifatida tarixda qolgan. O‘shanda tabiiy ofatdan bir hafta ichida 1836 kishi halok bo‘lgan. Qolaversa, Luiziana shtatidagi Yangi Orlean shahri, deyarli, butunlay vayron bo‘lgan. Milliy ob-havo xizmati ma’lumotiga ko‘ra, zarar 125 milliard dollarga yetgan. Bu miqdorning 60 milliardi sug‘urta kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
S.Rahimov, O‘zA