Milliylik yoshlarimizning ko‘rkiga aylansin
Andijon shahar pedagogika kollejida "Yashash – baxt, hayot – oliy ne’mat" deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda ma’naviyat targ‘ibotchilari, viloyatdagi professional ta’lim muassasalari psixologlari, o‘quvchilar ishtirok etdi.
Milliy an’ana, qadriyat va liboslarimizni yoshlar o‘rtasida targ‘ib etish va ta’lim muassasalarida ijtimoiy-psixologik muammolarni bartaraf etish, ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar, yutuq hamda muammolar atroflicha muhokama qilindi.
– Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad, yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlardagi ishlar samaradorligini oshirish, ana shu yo‘nalishda ish olib borayotgan mutaxassislarga ko‘maklashishdir, – deydi Andijon shahar pedagogika kolleji direktorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mahbubaxon Isroilova. – Qolaversa, bu boradagi ilg‘or ish uslublari, tajribalarni o‘rganish va ommalashtirish ko‘zda tutilgan.

Tadbirda viloyatdagi professional ta’lim muassasalarida ijtimoiy-psixologik muammolarni o‘rganish, bartaraf etish borasidagi ishlar tahlil qilindi. Ishtirokchilar tomonidan insonga bir marotaba beriladigan hayotda, ayniqsa, katta hayotga qadam qo‘yish bo‘sag‘asida yoshlar eng avvalo, jamiyatda, oilada o‘z o‘rinlarini topishlari uchun to‘g‘ri yo‘l tanlab olishlari muhimligi, shuningdek, yoshlarning ma’naviyati, kiyinish madaniyatini yuksaltirish, milliy an’ana va qadriyatlarni ulug‘lashga qaratilgan targ‘ibot ishlari sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Tadbirda milliy matolardan tikilgan zamonaviy liboslar barcha yoshdagi o‘zbek qiz-ayollariga yarashishi, ularning xusniga xusn qo‘shishi, qolaversa, bu kabi liboslar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizda milliy qadriyat va milliy liboslarimizga bo‘lgan hurmat tuyg‘ularini yanada yuksaltirishi ta’kidlandi.

– Agar hayotni kuzatsangiz, milliy urf-odat, an’ana va liboslarimizni hurmat qiladigan, o‘zbekona kiyinib yuradigan opa-singillarimizning aksariyati el-yurtning hurmat-e’tiborini qozongan, jamiyatda o‘z o‘rnini topa olgan insonlar ekanliklariga guvoh bo‘lamiz, – deydi Andijon shahar bosh otinoyisi Azizaxon Ziyayeva. – Ular nafaqat kiyinishi, balki odob-ahloqi, yurish-turishi, kishilar bilan o‘zaro munosabatda ham barchaga ibrat bo‘ladi. bugungi yoshlarimiz ana shulardan ibrat olishi, milliylik – yoshlarimizning ko‘rki, hamma havas qilib qaraydigan sifatlaridan biriga aylanishi kerak. Tadbirda kiyinish shaxsiy masala ekanligi, lekin har bir jamiyatning yozilgan, yozilmagan qonunlari, odob-ahloq me’yorlari mavjudligi, ayniqsa, qiz-ayollarimiz jamiyatning vakili sifatida ana shu me’yorlarga albatta, amal qilishi, bu yoshlar tarbiyasi, kiyinishda milliy an’analarimizni asrab-avaylashda muhim ahamiyat kasb etishi aytib o‘tildi.
– Tadbirda ishtirok etib, milliy qadriyatlarimiz, o‘zbekona kiyinish madaniyati haqida turli fikrlar, tavsiyalarni eshitdik, – deydi Andijon pedagogika kolleji o‘quvchisi Mo‘bina Ergasheva. – Ana shu fikr va tavsiyalar biz yoshlarning milliy qadriyatlarga hurmat nazari bilan qarash, kiyinish madaniyati haqidagi tushunchalarimizni yanada boyitdi. Shuningdek, yoshlarni “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlari ta’siriga tushib qolishining oldini olish, kiyinishda xorijliklarga taqlid qilish singari salbiy oqimlardan asrash, bu borada keng jamoatchilik, yoshi ulug‘ insonlar ta’sirini kuchaytirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

Tadbir davomida kollej o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan ko‘rgazma, badiiy chiqishlar, milliy liboslar taqdimoti namoyish etildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA