Milliy terma jamoamizda yana bir italiyalik mutaxassis ish boshladi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bo‘lajak Jahon chempionati oldidan "Milliy futbol markazi"da navbatdagi yig‘inini o‘tkazmoqda.
AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida o‘tadigan mazkur mundialga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkil etilgan ushbu yig‘in davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasida hujumchilar bilan ishlash bo‘yicha yangi italiyalik murabbiy Rolando Byanki faoliyatini boshladi.

Ma’lumot uchun, italiyalik ushbu sobiq futbolchi faoliyati davomida “Atalanta”, “Kalyari”, “Rejjina”, “Manchester Siti”, “Torino”, “Bolonya” va “Malorka” klublari sharafini himoya qilgan. Shuningdek, u Italiyaning turli yoshdagi terma jamoalarida ham to‘p surgan.
Umid qilamizki, Rolandoning termamiz safidagi faoliyati jamoamiz hujumchilari tajribasini yanada oshirishga hizmat qiladi.

Hozirda yig‘inda mahalliy chempionatda faoliyat yuritayotgan futbolchilarimiz mashg‘ulotlarda ishtirok etayotgan bo‘lsa, jamoa asosini tashkil etuvchi legioner futbolchilar 26-mayga qadar jamoa safiga kelib qo‘shilishi kutilmoqda.
Shundan so‘ng, terma jamoa 26-may kuni Amerika Qo‘shma Shtatlariga yo‘l oladi. U yerda jamoa bir qator tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazib, 1-iyun kuni Kanada termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Ushbu bahs jamoaning tayyorgarlik darajasini tekshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. FIFA talabiga ko‘ra, yakuniy qaydnoma 30-mayga qadar taqdim etiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA