Milliy stadion maysasi almashtirilmoqda
Bir necha yildan buyon “gullab, yashnab” keta olmayotgan stadion maysasi, nihoyat, butunlay almashtiriladigan boʻldi.
Bir necha yildan buyon “gullab, yashnab” keta olmayotgan stadion maysasi, nihoyat, butunlay almashtiriladigan boʻldi.Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Professional futbol ligasi hamkorligida boshlangan tub islohotlar bir yildayoq oʻz mevasini bera boshlagani haqiqat. Yurtimiz futbolining yanada ommaviylashishiga, taraqqiy etishiga va jahonda oʻz oʻrniga ega boʻlishiga erishish uchun katta hajmdagi ishlarni amalga oshirish talab etilayotgandi. Shunday boʻldi, boʻlyapti ham.
Islohotlarning dastlabki mavsumida asosiy maqsad ichki chempionatimiz saviyasini oshirish, stadionga muxlislar tashrifini koʻpaytirish, shiddatli uchrashuvlar taqdim etuvchi chempionatni tashkil etishdan iborat edi. Ozmi-koʻpmi bunga erishildi ham. Stadionga keluvchilarning tashrifi sezilarli ravishda oshdi, futbol uchrashuvini bevosita stadionda kuzatuvchilar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Jamoalar maydonga PFL bayrogʻi ostida kirib kelishi, maydonning gir atrofi musobaqa tashkilotchilari va homiylarining belgilarini aks ettiruvchi rang-barang bannerlar bilan oʻrab olinishi, yosh bolalar va oilalar uchun maxsus joylar tashkil etilishi odatga aylandi.
Biroq, qanchalik eʼtibor qaratilmasin, talab qilinmasin, ayrim stadionlarning maysasi holati, ayniqsa, mavsum yakuniga kelib koʻngillarni xira qilgani ham bor gap. Shu bois OʻzPFL yangi mavsumdan birinchi galda aynan maydon maysalarining sifatiga eʼtibor qaratmoqda. Professional futbol tashkilotining jiddiy talabi bilan Qoʻqon, Namangan va Andijonda allaqachon maydon maysasi boʻyicha qazish, ekish va parvarishlar boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan. Boshqa stadionlarda ham zaruratga qarab ishlar olib borilmoqda.
Poytaxtdagi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi ixtiyoridagi “Milliy” (sobiq “Bunyodkor”) stadion yil davomida ham “Bunyodkor”, ham milliy terma, qolaversa, SAFA turnirlari va yana boshqa sport tadbirlariga mezbonlik qildi. Yil oxiriga kelib esa maydon maysasi yaxshigina “charchadi”. Hududlardagi stadionlarda ish boshlangan bir paytda ham “Milliy” stadion maysasining “kayfiyati xomush” edi. Aslida stadion maysasining yaxshi emasligi faqatgina soʻnggi yilda kuzatilayotgani yoʻq. Gapning ochigʻi, stadion qurilgandan buyon maysasiga “yolchimayapti”. Vaholanki, maysa bir necha bor almashtirildi, antiqa urugʻlar ekib koʻrildi, baribir kutilgan natija yuz bermadi. Oxirgi marta mahalliy mahsulotga “murojaat etildi” – ajriq ekildi. Natijasini koʻrdik, hali kuzning sovuq kunlari boshlanmasidan ajriq sargʻayib ketdi.
Nihoyat, kuni kecha bu yerda boshqatdan ish boshlandi. OʻFAning buyurtmasiga asosan “Nasaf” klubiga qarashli Qarshidagi “Markaziy stadion maydonining ustalari kechadan oʻz tajribalariga suyangan holda ishga kirishishdi. OʻFA vakili Shuhrat Saydaliyevning aytishicha, maydonga chetdan tayyor chim olib kelinayotgan ekan.
Ayni paytda maydonning chimi 20-40 sm. oʻlchamida oʻyib olinib (turli oʻlchamdagi plastmassa quvurlardan iborat maydon drenajlari esa 50-60 sm. chuqurlikda joy olgani uchun usta va texnika haydovchisidan hushyorlik talab etyapti) tashqariga olib chiqilyapti. Chuqurlik oʻrni maxsus moslamalar, qum va unumli tuproq aralashmasi bilan toʻldirilgach, ustiga chet eldan keltirilgan tayyor tabiiy chim yotqiziladi. Xalqaro talablarda koʻrsatilganidek, maydonning chekkasiga nisbatan oʻrta hududi 20 sm balandlikda joylashishi zarur. Shuhratbek Suyunov rahbarligidagi ustalar bu borada ham oʻz mahoratlarini ishga solishga soʻz berishyapti.
Bir soʻz bilan aytganda, barchamiz uchun faxrga aylangan, nafaqat poytaxtimiz, balki mamlakatimizning bosh futbol arenasi hisoblangan “Milliy” stadioni yangi mavsumda milliy va boshqa terma jamoalarimizning bir qator xalqaro turnirlarini qabul qilishi uchun oʻz muxlislarini “yangi libos”da kutib olishidan barchamiz birdek manfaatdormiz.




