Milliy sportimiz kurashni rivojlantirishga bag‘ishlangan ilmiy anjuman
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida o‘zbek milliy sporti - kurashning xalqaro nufuzini ilmiy va amaliy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan “Kurash sportini rivojlantirishning nazariy-amaliy aspektlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boshlandi.
Anjumanning ochilish marosimida sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Xalqaro kurash instituti rektori Habibulla Tojiyev, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi bosh kotibi Muhammad Rizo Nassiri hamda soha mutaxassislari ishtirok etib, kurashning global miqyosda ommalashuvi, murabbiylar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Sport sohasining yetakchi olimlari bilan bir qatorda 30 dan ziyod xalqaro mutaxassislar ishtirok etayotgan anjumanda kurash murabbiylariga xalqaro B2 toifali litsenziya uchun mo‘ljallangan uch oylik onlayn kursning bir haftalik amaliy mashg‘ulotlari boshlangani, bu malakali kurash mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgani ta’kidlandi.

Janubiy Koreya, Malta, Italiya, Xitoy Taypeyi kabi davlatlardan kelgan ekspertlar kurashning zamonaviy biomexanikasi, sportchilarning ruhiy va jismoniy holatini 3D texnologiyalari yordamida tahlil qilish, shuningdek, kurash pedagogikasining ijtimoiy ahamiyatiga oid ilmiy yondashuvlar haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tildi.
Milliy sportimiz kurashni ilmiy asosda rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirishda muhim platforma vazifasini o‘taydigan anjuman o‘z ishini sho‘’balarga bo‘lingan holda davom ettirmoqda.

T.Ro‘ziyev, O‘zA