Milliy san’atimiz ramzlari – turfa ranglarda
2022 yil Buxoro shahrida “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik” festivali o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur anjuman halq amaliy san’atining zardo‘zlik va zargarlik yo‘nalishlari, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan hunarmandlik maktabi an’analarini asrash va qayta tiklash hamda mintaqaning turizm salohiyatini yanada oshirish maqsadini ko‘zlaydi.
Poytaxtimizdagi Hunarmand uyushmasi binosida ushbu xalqaro festival ramzini tanlab olish uchun hakamlar hay’ati yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ijodiy tanlovda O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Turizm va sport vazirligi huzuridagi “Milliy PR markazi”, Savdo-sanoat palatasi, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi va videokonferensiya yordamida Buxoro viloyati hokimligi vakillari ishtirok etdi.
Avvalroq anjuman ramzini tayyorlash bo‘yicha maxsus guruh tuzilib, logotip uchun ochiq tanlov e’lon qilingandi. Tanlovda 27 nafar ijodkor 100 ga yaqin ijodiy ishi bilan qatnashdi. Taqdim etilgan asarlar orasidan 3 tasi saralab olindi.
Nizomga ko‘ra, logotipda ham zardo‘zlik, ham zargarlik belgilari aks etishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan edi. Aynan shu shart hay’at a’zolari uchun g‘olibni aniqlashda qiyinchilik tug‘dirdi. Ma’lumki, bu ikki hunar xalqimiz amaliy san’ati turi sifatida qadimdan mavjud bo‘lib, ayniqsa, Samarqand, Buxoro, Toshkent shaharlarida rivojlangan.
- Har bir ijodiy ishning zardo‘zlik yoki zargarlik maktabiga xos, milliy urf-odatlarimizga uyg‘un tomonini inobatga oldik. Namunalarda ba’zi kichik kamchiliklar ham ko‘zga tashlandi. Bugun saralab olingan 3 ta ijodiy ish mukammal holatga keltirilgach, kelasi hafta g‘oliblar e’lon qilinib, taqdirlanadi, — dedi “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Shohruh To‘ychiboyev.
O‘tkir Alimov,
Ulug‘bek Mahmirzayev