Milliy gvardiyaning ekologik tashabbusi: kengayib borayotgan yashil bog‘lar (+video)
Mamlakatimizda 2025 yilning 8 noyabridan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Dolzarb bir oylik” e’lon qilindi. Shu munosabat bilan “Yashil belbog‘” barpo etish borasidagi ishlar jadallik bilan olib borilyapti. Loyiha doirasida ekilayotgan navnihollar kelgusida katta daraxtlarga aylanib, chor-atrofning go‘zal, yanada fusunkor va tarovatli bo‘lishiga hissa qo‘shadi. Mazkur oylikda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi shaxsiy tarkibi ham faol ishtirok etmoqda.
Loyiha doirasida o‘tgan davr mobaynida mutaxassislarning tavsiyasi va ilmiy xulosalariga asosan Milliy gvardiya bo‘linmalarida yaxshi tizim yo‘lga qo‘yildi. Manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini ko‘paytirish ishlari amalga oshirilmoqda.
O‘tgan yil birgina Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududidagi katta yo‘l bo‘yida 20 gektar hududga 8,5 ming tup hamda Sirdaryo viloyatida joylashgan Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi hududiga 1,5 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Ushbu manzarali daraxtlar hozir “Yashil belbog‘”ga aylanib ulgurdi. Bu mavsumda ham ushbu hududga qariyb 12 mingga yaqin manzarali daraxt ko‘chatlari ekish reja qilib olingan. Shuni alohida ta’kidlashimiz kerakki, ko‘chatlar ekiladigan maydonlarga tegishli agrotexnik tadbirlar asosida ishlov berilib, so‘ngra daraxt ko‘chatlari o‘tqazilmoqda. Ekilgan daraxtlarni parvarishlash, to‘g‘ri sug‘orish va tabiiy o‘g‘itlar bilan oziqlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu hududda ekilgan daraxt ko‘chatlarini tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, 1,5 metr ko‘chatlar oralig‘ida polietilen suv quvurlari o‘rnatilgan. Bundan tashqari, ushbu hududda kuz mavsumida ko‘chatlar uchun urug‘larni tayyorlash va qalamcha nihollari ekish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Eng quvonarlisi, mazkur bog‘ yil sayin kengayib bormoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/aj__y8q-m2M" title="Milliy gvardiyaning ekologik tashabbusi: kengayib borayotgan yashil bog‘lar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova, Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj), O‘zA