Milliy gvardiyada “Yashil makon” tadbiri (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Sirdaryo viloyatida joylashgan Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Barchamiz birgalikda – Yashil taraqqiyot uchun” shiori ostida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondonligi mas’ul rahbarlari, Milliy gvardiya Sirdaryo viloyat bo‘yicha boshqarmasi, Mirzaobod tumani hokimligi, tuman “Nuroniylar” kengashi a’zolari, viloyat harbiy prokuraturasi hamda boshqa jamoatchilik a’zolari ishtirok etdi.
— “Yashil makon” umummilliy loyihasi nafaqat atrof-muhitni obod qilish, balki yosh avlodda tabiatga bo‘lgan mas’uliyatni oshirishga xizmat qiladi,— deydi Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi boshlig‘i o‘rinbosari, harbiy fanlar doktori Shavkat Abdullayev. — Milliy gvardiya jamoasi ushbu tashabbusga faol qo‘shilib, yashil taraqqiyotga o‘z hissasini qo‘shayotganidan mamnunmiz. Bunday tadbirlar kelajak avlod uchun sog‘lom va barqaror muhit yaratishda muhim ahamiyatga ega.
“Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan navbatdagi ko‘chat ekish aksiyasida gvardiyachilar tomonidan 12 ming tupga yaqin manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Shuningdek, mahalliy hokimliklar tomonidan Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmalariga ajratilgan 36 gektardan ortiq yer maydonlarida 19 ta bog‘ yaratildi. Harbiy qism hududlarida, daraxt ko‘chatlari zaxirasini yaratish uchun 90 mingdan ortiq daraxt urug‘lari, 68 mingdan ziyod qalamchalar ekildi.
Bundan tashqari, tuman musiqali va san’at maktabining o‘quvchilari tomonidan “Ranglarda tabiat tasviri” mavzusida rassomchilik ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Ko‘rgazmada namoyish etilgan har bir asar tabiat go‘zalligini ranglar orqali ifodalar ekan, ayni paytda ekologik muammolarga e’tibor qaratishga chaqirishi bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/WgQXSjdalHg" title="Milliy gvardiyada “Yashil makon” tadbiri" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, U.To‘xtayev (tasvirchi), O‘zA