Milliy gvardiya vakillari o‘quvchilar huzurida
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil topgan sana arafasida butun O‘zbekistonimizdagi kabi Sirdaryo viloyatida ham “Vatanparvar oyligi” doirasida keng ko‘lamli turli ma’naviy-marifiy, tarbiyaviy, badiiy va sport tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
Ana shunday tadbirlarning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri — yoshlarimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishdan iborat ekanini shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi va haqiqiy vatanparvar bo‘lib kamol topishi – hal qiluvchi o‘rin tutadi.

“Vatanparvar oyligi” munosabati bilan viloyat bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi hamda “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati hamkorlikda Baxt shaharchasida joylashgan Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv muassasa tarbiyalanuvchilari hamda muddatli harbiy xizmatchilar o‘rtasida sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha bellashuvlar tashkil etildi.

Harbiylar va ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari sportning futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat, shashka, armrestling, arqon tortish turlari bo‘yicha o‘zaro musobaqalarda ishtirok etdi. Qizg‘in bellashuvlar ostida o‘tgan ushbu o‘rtoqlik uchrashuvlarida muassasa o‘qituvchilari hamda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining ishtiroki tarbiyalanuvchilarga o‘zgacha shukuh va bayramona, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Sportning 7 ta turi bo‘yicha o‘tgan bellashuvlar nihoyasida kuchlilar aniqlanib, tashkilotchilarning diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA