Milliy g‘urur, tarixiy xotira va yuksak ma’naviyat namunasi
Yurtimizda yosh avlodni vatanparvarlik, mardlik va fidoyilik ruhida tarbiyalash, Qurolli Kuchlar salohiyatini yanada mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada harbiy qismlarda tashkil etilayotgan tantanali qasamyod marosimlari alohida ahamiyat kasb etadi.
Ana shunday ko‘tarinki ruhdagi tadbir Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi Buxoro garnizonidagi harbiy qismda bo‘lib o‘tdi. Unda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yosh askarlar Vatanga sadoqat qasamyodini qabul qildi.

Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy pensionerlar, amaldagi harbiy xizmatchilar, muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalari, yaqinlari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Bu esa mazkur tadbirning nafaqat harbiylar, balki butun jamiyat hayotida muhim o‘rin tutishini yana bir bor namoyon etdi.

Buxoro viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Botir Zaripov yosh askarlarni va ularning oila a’zolarini samimiy muborakbod etdi. U mamlakatimiz osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi va Vatan sarhadlari daxlsizligini ta’minlashdek sharafli vazifani zimmasiga olgan yigitlarga ulkan ishonch bildirib, ularga muvaffaqiyat tiladi.

Keyingi yillarda Prezidentimiz rahbarligida harbiy sohada keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, harbiy qism va muassasalar faoliyati zamon talablari asosida takomillashtirildi, qo‘shinlar zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, harbiy sohada raqamli texnologiyalar keng joriy etilmoqda.

Eng muhimi, joriy yildan boshlab muddatli harbiy xizmatchilar xizmat bilan bir vaqtning o‘zida qo‘shimcha kasb-hunar egallash, xorijiy tillarni o‘rganish, ilg‘or axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish hamda oliy ta’lim muassasalariga kirishga tayyorlanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Tadbirda yosh askarlar O‘zbekiston xalqi va Prezidentiga sadoqatli bo‘lishga, Konstitutsiyada belgilangan burch va majburiyatlarni vijdonan bajarishga, xalq va davlat manfaatlarini himoya qilishga tantanali ravishda qasamyod qildi. Ular uchun bu kun hayotlarida unutilmas va mas’uliyatli sana sifatida muhrlandi.

– Barcha safdoshlarim qatori men ham qasamyod qildim. Bu kun hayotimdagi eng unutilmas kunlardan biri bo‘ldi. Harbiy hayot insonni chiniqtiradi, mas’uliyatli qiladi, irodasini mustahkamlaydi. Bu yerda biz uchun o‘qish, o‘rganish va xizmat qilish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Men ana shu ishonchga munosib bo‘lib, yurtimiz oldidagi burchimni sidqidildan bajaraman, – dedi surxondaryolikoddiy askar Javohir Ziyoyev.

Tadbir yakunida muddatli harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Prezidentining sovg‘asi sifatida sohibqiron Amir Temurning “Temur tuzuklari” hamda “O‘zbekiston tarixi” kitoblari tantanali ravishda topshirildi. Bu kitoblar yoshlar qalbida milliy g‘urur, tarixiy xotira va yuksak ma’naviyatni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.