Milliy eksportchilar uchun qanday toʻsiqlar bor?
Tayyor mahsulot eksporti va xizmatlarni kengaytirish iqtisodiy rivojlanishning eng muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Tayyor mahsulot eksporti va xizmatlarni kengaytirish iqtisodiy rivojlanishning eng muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda eksport hajmi jadal surʼatlar bilan oʻsib bormoqda. Biroq, shu qatorda, milliy eksportchilar uchun bir qancha toʻsiqlar yoʻq emas.
Milliy eksportchilar uchun asosiy toʻsiqlaridan biri bu – tashqi savdo operatsiyalarini moliyalashtirish va kreditlashdir. Shuningdek, eksport mahsulotlarini ishlab chiqarish, eksportni kengaytirish va jahon bozorlarida sotish bilan bogʻliq siyosiy va boshqa xavf-xatarlardan sugʻurta qilishdir.
Ushbu yoʻnalishda eksportni amalga oshirish va kengaytirish amaliyoti bir qator muammolar bilan cheklanmoqda. Jumladan, tayyor mahsulotning raqobatbardoshligi, tranzit salohiyatidan toʻla foydalanmaslik, eksportni sugʻurtalash xizmatlarining zamonaviy mexanizmlari mavjud emas.
Eksport qiluvchilar tovarlar uchun belgilangan haqni kechikishlar bilan olishadi. Katta xavf-xatarlar, eksport kreditlari boʻyicha kafolatlarning yoʻqligi, shuningdek, jahon amaliyotida maʼlum boʻlgan eksportni moliyalashtirish vositalaridan cheklangan holda foydalanish, yaʼni eksportni sugʻurtalash va moliyalashtirish kafolatlarini berish uchun davlatlar va eksportchilar oʻrtasida vositachi yoʻq.
Ushbu muammolarni hal etishga Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili davlat dasturida alohida eʼtibor qaratilgan. 284 banddan iborat dasturning 96 tasi iqtisodiy rivojlanish va faol investitsiyalarni jalb etish sohasiga bagʻishlangan.
Davlat dasturida Oʻzbekistonning eksport salohiyatini oshirish hamda eksportni oldindan moliyalashtirishga qaratilgan Eksport-kredit agentligini tashkil etish belgilandi.
Prezidentimiz parlamentga Murojaatnomasida qayd etganidek, Eksport-kredit agentligining tashkil etilishi barqaror iqtisodiy oʻsishga xizmat qiladi. Raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni koʻpaytirish, yangi xalqaro bozorlarni izlash, tranzit salohiyatidan toʻliq foydalanish, eng muhimi, eksport hajmining oshishiga turtki beradi.
Xorijiy tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, eksportni moliyalashtirish – milliy eksportchilarning eksport mahsulotlarini ishlab chiqarish va uni jahon bozorlarida sotish bilan bogʻliq barcha moliyaviy muammolarni tezroq hal etish imkonini beradigan eng samarali vosita hisoblanadi.
Shu bilan birga, ushbu vosita xorijiy xaridor (importyor) uchun gʻoyatda qulay. Zero, u xaridorga erkin moliyaviy mablagʻlarni bozor qiymatidan past narxda taqdim etadi. Bunday vositaning mavjudligi xorijiy bozorlarga kirishga intilayotgan, ammo yetarli obroʻ-eʼtibor va mablagʻga ega boʻlmagan kichik biznes korxonalari uchun gʻoyatda muhimdir.
Bu eksportni moliyalashtirish vositalari va mexanizmlarini joriy etish va ulardan foydalanish, masalan, kredit taʼminoti, kafolatlar, faktoring va sugʻurtalash, maxsus hukumat yoki yarim davlat moliya tashkilotlari orqali amalga oshiriladi.
Ana shunday muassasalar qatoriga eksportni sugʻurtalash va moliyalashtirish kafolatlarini berish uchun davlatlar va eksportchilar oʻrtasida vositachilik vazifasini bajaruvchi Eksport-kredit agentliklari kiradi.
Shuningdek, Eksport-kredit agentliklari tashqi savdo operatsiyalarini kreditlash, eksport kreditlari boʻyicha davlat kafolatlarini taqdim etish, eksport kreditlari va bitimlarni siyosiy va boshqa xavf-xatarlardan sugʻurtalash, shuningdek, tashkiliy va axborot-tahliliy qoʻllab-quvvatlashni oʻz ichiga olgan keng koʻlamli xizmatlarni taqdim etadi.
Eksport-kredit agentliklari xususiy yoki davlat kompaniyalari, shuningdek, aralash mulk shaklida tashkil etiladi. Dunyoda bunday agentliklar 70 dan ziyoddir. Ushbu agentliklar Bernga va Xalqaro kredit sugʻurtasi assotsiatsiyasi kabi xalqaro uyushmalarga birlashtirilgan.
Eng mashhur davlat Eksport-kredit agentliklari qatoriga – Eximbank (AQSH), NEXI (Yaponiya), ECGD (Buyuk Britaniya) kirsa, xususiylar – Euler Hermes (Germaniya), COFACE (Fransiya), Atradius (Gollandiya) sanaladi. Aralash mulk shaklida tashkil topganlar – SBCE (Braziliya), CESCE (Ispaniya), SEK (Shvetsiya) va ECGE (Misr) iboratdir.
Ayni paytda Eksport-kredit agentliklari xorijdagi biznes faoliyati uchun qariyb 430 milliard dollar atrofida moliyalashtiradi yoki kafolat beradi. Shundan qariyb 55 milliard dollari rivojlanayotgan mamlakatlardagi loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi. Ular, shuningdek, yangi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar uchun 14 milliard dollar miqdorida sugʻurta bilan taʼminlaydilar.
Savdoni moliyalashtirish bozorini rivojlantirish iqtisodiy oʻsish surʼatlarini jadallashtirish, ish bilan bandlik darajasini oshirish va biznesni rivojlantirishga investitsiyalarni koʻpaytirish uchun shart-sharoitlarni yaratish orqali mamlakatlarning eksport imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, ish oʻrinlarining ortishi va yangilarini yaratish imkonini beradi.
Oʻzbekiston eksportchilarining tashqi moliyalashtirishga boʻlgan ehtiyojlari yuqori darajada. Shu bois, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish va Oʻzbekiston sharoitiga moslashish imkoniyatlarini koʻrib chiqqan holda eksportni moliyaviy ragʻbatlantirish vositalarining samaradorligini oshirish masalalari dolzarbligicha qolmoqda.
Shu tariqa, Eksport-kredit agentligining tashkil etilishi Oʻzbekistonning raqobatbardoshligini oshirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, yangi xalqaro bozorlarni izlash, aholi bandligini oshirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, tranzit salohiyatidan toʻlaqonli foydalanish, eksportni sugʻurtalash boʻyicha zamonaviy xizmatlarni joriy etish orqali eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, eksportchilar xarajatlarining bir qismiga kafillik qilish hamda kompensatsiyalash, xavfni kamaytirish va uzoq muddatga kredit olish imkonini beradi.
Shu bilan bir qatorda, Eksport-kredit agentligi eksport-import operatsiyalarini soddalashtiradi. Oʻzbekistonning eksport faoliyatini kengaytiradi. Bu esa, oʻz navbatida, respublika iqtisodiyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, shuningdek, xorijiy biznes va investorlarning milliy kompaniyalarga boʻlgan ishonchini oshirishda muhim rol oʻynaydi.
Shavkat ALIMBEKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” Markazi
loyihalar koordinatori.