Milliy brend muhofazasi: O‘zbek ikati uchun sifat standartlari joriy etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi «Hunarmand» uyushmasida ALIPH xalqaro jamg‘armasi va Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi asosida amalga oshirilayotgan «Ikat Connection» loyihasi doirasida O‘zbekiston ikat mahsulotlarining milliy sifat standartlari va sifat belgilarini joriy etishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Asrlar davomida Ipak yo‘lining chorrahasida shakllangan, o‘zida milliy o‘zlik va yuksak badiiy didni mujassam etgan o‘zbek ikat matolari — atlas va adraslar bugun jahon moda olamida yangi yuksalish davrini boshdan kechirmoqda. Biroq, ushbu noyob madaniy merosning global miqyosdagi nufuzi ortishi bilan birga, bozorda qo‘l mehnati mahsulotlarini qalbakilashtirish va sifatsiz nusxalarni sotish holatlari ham ko‘zga tashlanmoqda. Mana shunday sharoitda O‘zbekistonning asl milliy brendlarini himoya qilish, hunarmandlar mehnatini qadrlash va mahsulotlarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini ta’minlash davr talabiga aylandi.
[gallery-32199]
Tadbirda joriy etilayotgan milliy sifat standartlari xususida so‘z bordi. Jumladan, Milliy sifat standartlari doirasida ikat matolari ishlab chiqarish texnologiyasi, foydalanilgan xomashyo, bo‘yoqlar va boshqa sifat mezonlariga ko‘ra to‘rtta toifaga ajratiladi.
Ular oltin, kumush, yashil va moviy sifat belgilari bilan ifodalanadi. Oltin sifat belgisi qo‘lda to‘qilgan, 100 foiz sof ipakdan tayyorlangan va tabiiy bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan matolarga beriladi. Kumush sifat belgisi esa tabiiy ipak va paxta tolalaridan tayyorlangan, tabiiy bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan qo‘lda to‘qilgan matolarni qamrab oladi. Yashil sifat belgisi tabiiy yoki kimyoviy bo‘yoqlar va tolalardan foydalanilgan qo‘lda to‘qilgan matolarga, moviy sifat belgisi esa mashina texnologiyalari yordamida ishlab chiqarilgan ikat matolariga nisbatan qo‘llaniladi. Barcha toifalar uchun mato ranglarining qo‘lda yuvishga chidamliligi muhim sifat mezonlaridan biri hisoblanadi.
Sifat belgilarining ranglari O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idagi moviy, oq va yashil ranglar bilan uyg‘unlikda tanlangan bo‘lib, ularga oltin va kumush ranglar ham qo‘shilgan. Mazkur belgilar iste’molchilarga mahsulotning tarkibi, ishlab chiqarish usuli va sifat xususiyatlarini farqlash imkonini beradi.
–Tizimni joriy etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad iste’molchilarning ikat mahsulotlari haqidagi xabardorligini oshirish, o‘zbek ikatining xalqaro brendi va marketingini rivojlantirish hamda yosh ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat, – dedi «Hunarmand» uyushmasi axborot xizmati rahbari Nilufar Hotamova. – «Hunarmand» uyushmasi a’zolari sifat belgisini olish uchun yiliga bir marta bepul ariza topshirishlari mumkin. Buning uchun mato namunasi bilan birga usta yoki to‘quvchining ismi, mahsulotning kelib chiqish joyi, naqsh nomi, yaratilgan yili, foydalanilgan bo‘yoqlar va xomashyo haqidagi ma’lumotlar taqdim etiladi.
Taqdim etilgan namunalar o‘rganib chiqilgandan so‘ng, sifat belgisiga munosib deb topilgan mahsulot uchun hunarmandga yuqori aniqlikdagi raqamli sifat belgisi, mahsulot haqidagi ma’lumotlar aks etgan raqamli yorliq hamda mahsulot tasviri va sifat belgisi berilgan yil ko‘rsatilgan, imzolangan va muhrlangan sifat sertifikati taqdim etiladi. Sifat belgisidan faqat baholashdan o‘tgan muayyan mato uchun foydalanish mumkin.
Shuningdek, tadbir davomida loyiha doirasida ishlab chiqilgan ekologik sertifikatlash tizimi, undan hunarmandlar, marketing mutaxassislari va iste’molchilarning foydalanish tartibi, shuningdek, loyiha doirasida yaratilgan veb-sahifa haqida ma’lumot berildi.
Mazkur tashabbus milliy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash va rivojlantirish, o‘zbek ikatining o‘ziga xos xususiyatlari va sifatini keng targ‘ib qilish, milliy mahsulotlarning xalqaro bozordagi nufuzini oshirish hamda yosh ikat ishlab chiqaruvchilarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Gulnoza Boboyeva,
O‘ktam Hayitov (surat),
O‘zA