Milliy barqarorlik – bag‘rikenglik omili
Buxoro viloyatining eng kenja va baynalmilal tumani hisoblangan Qorovulbozorda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, tuman hokimligi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash hamda Madaniyat bo‘limlari bilan hamkorlikda "Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik" shiori ostida "Milliy barqarorlik-bag‘rikenglik omili" mavzusida ma’naviyat festivali bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimligi mas’ullari, nodavlat–notijorat tashkilotlari rahbarlari, milliy–madaniy markazlar a’zolari, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Mamlakatimiz Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan "Neftchilar" madaniyat saroyida tashkil etilgan bayram tadbirida “Bo‘zachi”, “Tinchlik”, “Imom Buxoriy”, “Bo‘ston”, “Jarqoq”, “Navbahor”, “Cho‘lquvar” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qilayotgan o‘zbek, qozoq, turkman, turk, ozarbayjon, rus, tatar, tojik kabi o‘ndan ortiq millat vakillari ishtirok etishdi.

-Har bir millat vakillari o‘zlarining milliy qadriyat va an’analarini ifodalovchi urf-odatlari, liboslari, milliy taomnomasi va shirinliklari bilan faol qatnashdi, -deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qorovulbozor tuman bo‘linmasi rahbari Munavvara Jumayeva. -Festivalda qatnashgan viloyat va tuman mutasaddilari, jamoatchilik vakillari bayram tantanasida yig‘ilgan qardosh millat vakillarini, barcha yurtdoshlarimizni eng aziz va eng ulug‘ bayram bilan qutlashdi.
Tadbirda turli millat vakillarining birdamligi, hamjihatligi namunasi sifatida turli milliy madaniy markazlar a’zolari tomonidan xalqaro do‘stlik va hamjihatlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiq va raqslardan iborat konsert dasturi davraga bayramona zavq-shavq ulashdi.

Zarif Komilov, O‘zA