Milliy bank ish o‘rni bozorida muvofiqlashtiruvchilardan biri
"Talaba ekspo-2026" loyihasi doirasida minglab bitiruvchilarga ish o‘rinlari va biznes uchun imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Yoshlarning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishiga qanday sharoitlar yaratilmoqda?
Farg‘ona davlat universiteti rektori Bahodir Shermuhammadovning ta’kidlashicha, oliy o‘quv yurtining 6900 dan ziyod bitiruvchisi bor.
Bu raqam O‘zbekiston Milliy banki shafeligida o‘tayotgan “Talaba ekspo-2026” loyihasining navbatdagi tadbiri ochilishda qayd etildi. Xo‘sh, mamlakatimizda qancha bitiruvchi bor? Ularni ish bilan ta’minlashda qanday uslublar qo‘llanib, qanday natijalarga erishilmoqda?

“Kelajakka ilk qadam” markazi tashkil etgan tadbirda ta’kidlanishicha, birgina Farg‘ona viloyatida 2025 yilda oliy o‘quv yurti bitiruvchilariga o‘z loyiha va startapini amalga oshirish uchun 28 mlrd.so‘m imtiyozli kredit berilgan. Bu yil esa, Milliy bank Farg‘ona viloyatida yoshlar loyihalariga 33 milliard so‘m hamda 15 mln.dollar ajratdi.
– Hozirgacha bu mablag‘ning 20 mlrd so‘mi o‘zlashtirildi, – deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzod Polvonov.
“Talaba ekspo - 2026” ko‘rgazmasiga 6 mingta bo‘sh ish o‘rinlari qo‘yildi. Ularning aksariyati shu zahotiyoq egalik bo‘ldi.

– Ish o‘rni topishimda Milliy bank tomonidan tashkil etilgan “Talaba ekspo–2026” loyihasining o‘rni katta bo‘ldi, – deydi “Riga nordik universiteti” bitiruvchisi Nilufar Abdumannonova. – Prezident yaratib bergan sharoitlar tufayli bankdan imtiyozli kredit olib, endi ishlovchi emas, hatto ish beruvchi bo‘lib mehnat bozoriga kirib borish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Men ham o‘z startap loyiham bilan “Talaba ekspo-2026” loyihasida qatnashib, uyda vaqtincha o‘tirgan ayollarga ish o‘rni yaratmoqchiman.

– O‘g‘lim bu yil 4-kursni bitirdi. “Kelajakka qadam” markazining “Talaba ekspo–2026” loyihasi oilamizga, o‘g‘limga katta yordam berdi, – deydi bitiruvchining onasi Munira To‘rayeva. –U bugun futbol maktabiga murabbiylik lavozimiga ishga joylashdi va tegishli shartnomalar imzolandi.
Shu bugun “Kelajakka ilk qadam” markazining ko‘magi asosida Milliy bank va bitiruvchilar o‘rtasida imtiyozli kredit ajratish haqida o‘nlab shartnomalar imzolandi.

– Milliy bankdan “Kelajakka ilk qadam” dasturi orqali 20 million so‘m imtiyozli kredit oldim, – deydi Farg‘ona davlat universiteti bitiruvchisi Nozaninbonu Abdumalikova. – Hozirda rus va xorijiy tillarni o‘qitadigan xususiy o‘quv markazini ochdim. O‘quvchilarimdan 30 nafarga yaqini milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritishdi.
O‘zbekiston Milliy banki o‘zining loyihalari bilan mamlakat mehnat bozori muvofiqlashtiruvchilaridan biriga aylanmoqda.
<iframe width="914" height="523" src="https://www.youtube.com/embed/eZsmhsQqzYw" title="Milliy bank ish o‘rni bozorida muvofiqlashtiruvchilardan biri" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov, O‘zA