Milliy arxiv shonli tariximizning namunasidir
O‘zbekiston Milliy arxivida «O‘zarxiv» agentligi tizimida amalga oshirilgan ishlar» mavzuida Press-tur bo‘lib o‘tdi.
Tarix fanining rivojlanishi «inson xotirasini saqlovchi dargoh»lar, ya’ni o‘ziga xos vazifani bajaradigan maxsus muassasalar – arxivlar, kutubxonalar va muzeylar faoliyati bilan bevosita bog‘liqdir.
Tadbirda «O‘zarxiv» agentligi Axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev, O‘zbekiston Milliy arxiv direktori Dilbar Zokirovalar tomonidan Press-tur ishtirokchilariga O‘zbekiston Milliy arxivida saqlanayotgan arxiv hujjatlari, ularni restavratsiya qilish hamda raqamlashtirish uchun olib borilayotgan amaliy ishlar va saqlanishi uchun ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, arxiv ishini samarali tashkil etish masalalarini hal etishni ta’minlash maqsadida bir qator maqsadli ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Arxivlarga davlat xizmatlarining sifati va samaradorligini oshirishga, yuridik va jismoniy shaxslarning arxiv hujjatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, axborotni olish va tarqatishda, axborot xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor berilmoqda.
Hozirda yurtimizda 8,4 million saqlov birligida milliy arxiv fondi hujjatlari mavjud. «O‘zarxiv» agentligi tizimida 3 ta O‘zbekiston Milliy arxivlari, 14 ta arxiv ishi hududiy boshqarmasi va ular tizimida 101 ta viloyat, shahar, tuman davlat arxivlari, shuningdek, 122 ta shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, «O‘zarxiv» agentligi huzuridagi Arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazi ishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, shu kunga jami 2 ming 200 dan ziyod tashkilotlar arxivchi va ish yurituvchi xodimlar malakasi oshirildi.

Hozirda arxiv sohasida bir qator arxiv xizmatlarini masofadan internet orqali elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda arxivlarga tashrif buyurmasdan joylardagi Davlat xizmatlari markazlari orqali elektron shaklda foydalanish mumkin. Ish haqi va ish stajini tasdiqlash haqida arxiv ma’lumotnomasini berish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlash haqidagi arxiv ma’lumotnomasini berish, Yaroqsiz holatga kelgan yoki yo‘qotilgan mehnat daftarchasidagi yozuvlarni tasdiqlash, Mavzuli so‘rovlarni ijro etish xizmatlari shular jumlasidandir.
Press-tur yakunida O‘zbekiston Respublikasi «O‘zarxiv» agentligi, Fanlar Akademiyasi Tarix instituti hamda O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi o‘rtasida «Hamkorlik memorandumi» imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi «O‘zarxiv» agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov, Fanlar Akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat Ziyo hamda O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi direktori Sherzod Qudratxo‘ja mazkur hujjatni uch tomonlama imzoladilar.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA