Milliy an’ana va qadriyatlar tarannum etildi
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” universitetida “Milliy an’ana va qadriyatlar” festivali o‘tkazildi. Unda universitet xodimlari, hamkor muassasalar vakillari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Festival yoshlarda milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizga hurmat, Vatanga sadoqat kabi tuyg‘ularni yuksaltirish, ularni ma’naviy barkamol shaxs sifatida shakllantirish maqsadiga qaratildi.
Bayramning qadrli an’analaridan biri – sumalak sayli birdamlik va ahillikda tashkil etildi. Doshqozonda sumalak tayyorlanib, festival ishtirokchilariga ulashildi. Shuningdek, milliy taom – palov tayyorlash bo‘yicha chempionat o‘tkazilib, unda talaba-oshpazlar o‘z mahoratini namoyish etdi.
[gallery-22688]
Tadbir davomida milliy xalq o‘yinlari va sport musobaqalari ham qizg‘in tus oldi. Bahodir polvonlar kurash maydonida bellashib, muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi. Ayniqsa, dorbozlarning murakkab va hayajonli chiqishlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Shu bilan birga, tashrif buyuruvchilar havo sharida uchish imkoniyatiga ham ega bo‘lib, bu jarayon barchaga yorqin lahzalarni hadya etdi.
Festivalda qator xorijiy davlatlarning yurtimizdagi diplomatik vakolatxonalari vakillari ham ishtirok etdi. Ular o‘z mamlakatlarining urf-odat va an’analarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalarini namoyish etdi. Bu xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi jamoalarining bayramona konsert dasturi, yosh ijrochilarning chiqishi, universitet talabalari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari festivalga yanada fayz bag‘ishlab, barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Kamola Yusupova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA