Millionta daraxt ekish aksiyasi...
Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bir-biri bilan yaqin tushunchalar.
Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bir-biri bilan yaqin tushunchalar. Ekilgan turfa ko‘chatlar nafaqat atrof-muhitni zararli gaz va changlardan tozalaydi, balki mevasi bilan dasturxonni to‘kin etadi.
Buxoro viloyatida yangi loyiha – “Millionta daraxt ekish” aksiyasi e’lon qilingani ham qalblarga o‘zgacha quvonch ulashdi.
Unga ko‘ra, 15 fevraldan 15 martga qadar tuman-shaharlardagi turli korxonalar, tashkilot va muassasalar hududlarida jami 1 million, shuningdek, aholi xonadonlarida, fermer xo‘jaliklari dalalarida 1,6 million tup mevali hamda manzarali daraxt ko‘chatlari, buta qalamchalari o‘tqazish mo‘ljallanmoqda.
Albatta, ko‘kalamzorlashtirish uchun zarur bo‘lgan nihollar ta’minoti masalasi ham dolzarb. Viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi, akademik M.Mirzaev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti viloyat tajriba stansiyasi belgilangan tartibda ko‘chatlarni joylarga yetkazib beradi.
Shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va aholi uchun ko‘chatlarni tizimli yetkazib berish maqsadida turar joy massivlari, bozorlar va boshqa qulay manzillarda ko‘chat sotish nuqtalari tashkil etiladi.
Mahalla raislari xonadonlarni zarur nihollar bilan ta’minlashda tadbirkorlarni jalb etishga bosh-qoshlik qilishadi. Kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan xonadonlarga ko‘kalamzorlashtirishda fermer xo‘jaliklari saxovat ko‘rsatadigan bo‘ldi.
Pillachilikda ipak qurti ozuqa bazasi mustahkamligi muhim ahamiyatga ega. Bunda ham fermer xo‘jaliklarining alohida o‘rni bor. Pirovard natijadan manfaat ko‘radigan dehqonlar har gektar paxta maydoni hisobiga 100 tupdan tut ko‘chati o‘tqazish niyatida. Ularning niholga ehtiyoji tegishli tartibda “Buxoro Brilliant Silk” MChJ, “Romstar” qo‘shma korxonasi va “Kumushkent ipagi” MChJ pillachilik klaster korxonalari tomonidan ta’minlanadi.
Aksiya “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlariga kiritilgan hududlar, mahallalar, aholi yashash punktlari, ko‘p qavatli binolar va uy-joylar, hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar hamda qishloq xo‘jaligi yerlarida (ihota) manzarali daraxtlar va buta ko‘chatlarini ekish tadbirlarini qamrab oladi. Bunda tuman va shahar markazlarida arxitektura va landshaft-dizayn talablari asosida hududga ko‘rk beruvchi noyob turdagi yirik hajmli ko‘chatlarni ekishga alohida e’tibor qaratiladi.
– Ta’kidlash joiz, bizning mahallada ham ko‘kalamzorlashtirish ishlari jadal boshlab yuborildi, – deydi Buxoro shahridagi Abdulxoliq G‘ijduvoniy nomli mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Navbahor Qoryog‘dieva. – Har bir xonadonda kamida 5-6 tup nihol o‘tkazilishidan kelib chiqib, dastlabki bosqichda 400 tupdan ziyod mevali va manzarali nihollar o‘tqazildi. Bu ishda tashabbuskor bo‘lgan faol otaxonlar Zamon Boltaeva va Muxtor Baqoev o‘zlarining kichkina tomorqalarida yetishtirilgan mevali nihollarni qo‘shnilariga ham sovg‘a qildi. Kecha esa Bahouddin Naqshband va Gazli shohko‘chalari kesishmasidan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Buxoro filialigacha bo‘lgan bir kilometr avtomobil yo‘l bo‘yini qamrab olgan hududda ana shunday xayrli ish amalga oshirildi. Mahallamiz yoshlari, faollari, bir guruh tashabbuskor talabalar 1000 tup mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazishdi. Ezgu ish davom ettirilib, erta-indin yo‘l yoqasida yana 500 tup nihol ekiladi. E’tiborli jihat shuki, bu ko‘chatlarning katta qismi poytaxtdagi institutning Buxoro filiali va homiylar tomonidan yetkazib berildi.
Romitan tumani mahallarida ham ko‘kalamzorlashtirish ishlari avjida. Romitan tuman “Mahalla” jamg‘armasi rahbari Olim Jumaevning aytishicha, bundan bir oycha ilgari tumanda boshlangan obodonlashtirish ishlari borasidagi tajriba “Millionta daraxt ekish” aksiyasida qo‘l kelmoqda. Sektorlarga tegishli barcha qishloqlarda nihol o‘tqazishga kirishilgan. Shuningdek, tevarak-atrof obodonlashtirilib, dov-daraxtlarga shakl berilmoqda. Obodlik, ko‘kalamzorlashtirish yurtsevar insonlarning hayotiy ehtiyojiga aylangan.
Garchi, aksiya “Millionta daraxt ekish” deb nomlansada, aslida ko‘kalamzorlashtirish loyihasi qamrovi keng. Qolaversa, ezgu harakatni yaqinlashib kelayotgan Navro‘zga el taraddudning boshlanishi ham, deyish mumkin.
Aksiya viloyat rahbariyati e’tiborida turibdi. Loyihani amalga oshirishda viloyat hokimi o‘rinbosarlari, tuman va shaharlar hokimlari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston Ekologiya partiyasi, “Mahalla” jamg‘armasi va Yoshlar ittifoqi viloyat hududiy kengashlari rahbarlari ishlarni tashkil etish, muvofiqlashtirish, monitoring yuritish va amaliy yordam ko‘rsatish masalalari bilan shug‘ullanmoqda.