Mikromoliyaviy xizmat – tadbirkorga madad
“Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki Namangan viloyati filiali tomonidan 2014-yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan 36 milliard so‘mdan ziyod kredit mablag‘i 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi.
“Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki Namangan viloyati filiali tomonidan 2014-yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan 36 milliard so‘mdan ziyod kredit mablag‘i 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi.Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotir. Soha ravnaqida tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kredit mablag‘lari ham muhim o‘rin tutmoqda.
Viloyatda so‘nggi besh yilda banklarning moliyaviy ko‘magi bilan 9 mingdan ziyod yangi kichik biznes subyekti tashkil etilgani va ularning soni 15 mingdan oshgani fikrimiz dalilidir.
– Davlatimiz rahbarining 2008-yil 10-noyabrdagi “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankining tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va 2013-yil 29-martdagi “Mikrokreditbank” ochiq aksiyadorlik tijorat bankining kapitallashish darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazkur moliya muassasasining kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlarini kengaytirdi, – deydi ushbu bankning Namangan viloyati filiali rahbari Tohir Hoshimov. – Fermerlik, yakka tartibdagi tadbirkorlik, oilaviy biznes va kasanachilikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, ayniqsa, qishloq joylarda aholiga mikromoliyaviy xizmat ko‘rsatish mexanizmlari takomillashdi.
Filial va minibanklar tizimi orqali moliyaviy infratuzilma kengaytirib borilayotgani xizmat ko‘rsatishning qo‘shimcha imkoniyatlarini ta’minlab, bank mijozlari uchun katta qulayliklar yaratmoqda. Bugungi kunda viloyatning shahar va tumanlarida bankning 8 filiali va 4 minibank mijozlarga xizmat ko‘rsatayotir.
Bank tomonidan o‘tgan yili kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilgan 36 milliard so‘mdan ziyod kredit mablag‘ining 18 milliarddan ko‘prog‘ini imtiyozli kreditlar tashkil etadi. Jumladan, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘naltirilgan 5 milliard so‘m imtiyozli mikrokredit 600 xotin-qizni ish bilan ta’minlash imkonini berdi.
– Yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, o‘z biznesimni yo‘lga qo‘ydim, – deydi Chust tumani Varzik qishlog‘idagi “Sanjar tekstil" xususiy korxonasi rahbari Muborak G‘aniyeva. – Biznes rejamni “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki viloyat filialining Chust tumani bo‘limiga taqdim etdim. Bank tomonidan qisqa muddatda tegishli kredit ajratildi. Biznes rejaga ko‘ra, kredit evaziga xorijdan zamonaviy tikuv dastgohi keltirib, tikuvchilik sexi hamda “Go‘zallik saloni” tashkil qildik. Hozir bu yerda 20 ga yaqin kasb-hunar kolleji bitiruvchisi ishlamoqda. Kelgusida qandolatchilik va muzqaymoq sexlari, komputer xizmati ko‘rsatish va avtomobillarni yuvish shoxobchalarini ishga tushirishni rejalashtirganmiz. Bu qo‘shimcha 30 yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Bank tomonidan 2014-yilda qishloqda zamonaviy va sifatli servis xizmati infratuzilmasini rivojlantirish uchun 4 milliard so‘mdan ziyod kredit ajratilgan. Davlatimiz rahbarining 2010-yil 28-iyuldagi “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni imtiyozli mikrokreditlar ajratish va mikromoliyaviy xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yanada kengaytirdi. Mazkur hujjat asosida kollejlarni bitirayotgan yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish maqsadida 230 bitiruvchiga chorvachilik, parrandachilik, kasanachilik, tikuvchilik, savdo-sotiq hamda maishiy xizmat yo‘nalishidagi loyihalari uchun 2 milliard so‘m moliyaviy ko‘mak ko‘rsatildi. Natijada 300 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
– Faoliyatimni yakka tartibdagi xususiy hunarmandlikdan boshlagan edim, – deydi Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Sadaf mebellari” oilaviy korxonasi rahbari Hamida Tillaboyeva. – Yurtdoshlarimizning turmush madaniyati yuksalib borayotgani mebelsozlikni yanada rivojlantirishni taqozo etmoqda. Bu bizni shu sohada oilaviy korxona tashkil qilishga rag‘batlantirdi. 2013-yilda “Mikrokreditbank”ning 7 million so‘mlik imtiyozli krediti bilan ish boshlagan bo‘lsak, o‘tgan yili bank yana 20 million so‘m mikromoliyaviy ko‘mak berdi. Bu qo‘shimcha dastgohlar, xomashyo sotib olish, yana to‘rtta yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi.
“Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki Namangan viloyati filiali tomonidan joriy yilda kichik biznes, xususiy tadbirkorlik va yakka tartibdagi mehnat faoliyatini, oilaviy biznes va kasanachilikni rivojlantirish uchun 47 milliard 428 million so‘mlik kredit ajratish rejalashtirilgan. Yilning birinchi choragida tadbirkorlik subyektlariga berilgan 10 milliard so‘mga yaqin kreditning 3 milliard so‘mi imtiyozli mikrokreditlardir. Tadbirkor ayollarga ajratilgan bir yarim milliard so‘mga yaqin imtiyozli mikrokredit evaziga 300 nafardan ziyod xotin-qiz ish bilan ta’minlandi.
Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, pirovardida aholi turmush farovonligini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samaralaridir.