Mikel Arteta Vinisius Juniorning ehtimoliy transferi haqidagi savolga munosabat bildirdi
Jamoani kuchaytirish va rivojlantirishga harakat qilyapmiz. Bu aniq.
«Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta «Real» vingeri Vinisius Juniorning ehtimoliy transferi borasidagi savolga javob berdi.
Matbuot anjumanida jurnalist undan to‘g‘ridan to‘g‘ri: «Vinisius qachon keladi?» deb so‘radi. Arteta esa kulib qo‘ydi, biroq bu savolga javob bermadi.
Shundan so‘ng jurnalist: «Vinisius haqida aniq gapirishni istamasligingizni tushunamiz. Ammo muxlislar yangi transferlarni kutishlari mumkinmi?» deya yana savol berdi.
Arteta bunga shunday javob qaytardi:
«Biz transfer bozorida juda faol ishlayapmiz. Jamoani kuchaytirish va rivojlantirishga harakat qilyapmiz. Bu aniq.
Yaqin haftalarda o‘zgarishlar bo‘lishini kutyapmiz. Chunki biz, boshqalar kabi, yanada kuchliroq bo‘lishni istaymiz. Transfer bozoriga va raqiblarimizning harakatlariga qarasangiz, buni ko‘rishingiz mumkin. Biz bir joyda to‘xtab qolmaymiz va maqsadlarimiz juda katta», — dedi ispaniyalik mutaxassis.
Eslatib o‘tamiz, Vinisius Juniorning «Real» bilan amaldagi shartnomasi yana bir yil amal qiladi. Avvalroq tomonlar yangi shartnoma borasida kelisha olmayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Shuningdek, agar yangi bitim imzolanmasa, «Arsenal» braziliyalik futbolchini qo‘lga kiritish uchun asosiy da’vogar ekani aytilmoqda.
Vinisius 2018-yildan buyon «Real» safida to‘p surib kelmoqda. Shu vaqt ichida u barcha musobaqalarda 375 ta o‘yinda maydonga tushib, 128 ta gol va 100 ta assist qayd etgan. Transfermarkt portaliga ko‘ra, uning bozor qiymati 140 million yevroni tashkil etadi.