Microsoft bozor qiymati bo‘yicha Saudi Aramconi ortda qoldirmoqda
Amerikaning yirik IT kompaniyasi bo‘lmish – Microsoft Saudiya podshohligiga qarashli Saudi Aramco neft-gaz kompaniyasini quvib o‘tib, bozor narxi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqib oldi.
Kecha bo‘lib o‘tgan birja savdosida Microsoft aksiyalari 1,21 foizga qimmatlashdi va har bir qimmatli qog‘ozi uchun 242,44 dollar beriladigan bo‘ldi. Bu esa, kompaniyaning jami bozor narxini 1,828 trillion dollargacha ko‘tardi.
Birinchi o‘rinni hamon Amerikaning yana bir korporatsiyasi – Apple egallab turibdi. Uning kapitalizatsiyasi 2 trillion dollardan oshadi. 2020 yil sentyabrda Apple birinchi o‘rinni Saudi Aramco neft-gaz kompaniyasiga berib qo‘ygandi, biroq keyinchalik yana yetakchilikni qo‘lga oldi.
Shunday qilib, Saudi Aramco 1,811 trillion dollarlik kapitalizatsiyasi bilan eng qimmat kompaniyalar ro‘yxatida uchinchi o‘ringa tushib qoldi. 2021 yildan boshlab Microsoft aksiyalari narxi 9 foizga qimmatlashgan.
Microsoft kompaniyasiga Bill Geyts va Pol Allen tomonidan 1975 yilda asos solingan edi. Kompaniyaning qarorgohi Vashington shtatidagi Redmond shahrida joylashgan. Kompaniya dasturiy ta’minot yaratishga ixtisoslashgan bo‘lib, jumladan, Windows operatsion tizimi ham ushbu kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan.