MIB xodimlari “tok o‘g‘risi“ning avtomashinasini xatladi
Huquqbuzar, oxir-oqibat 43 mln. so‘m zararni to‘lashga majbur bo‘ldi.
Gap shundaki, fuqaro A.M. o‘ziga tegishli oshxonada o‘zboshimchalik bilan elektr energiyasidan noqonuniy ravishda foydalangani oqibatida Ellikqal’a tumani elektr ta’minoti bo‘limiga 43 mln. so‘mdan ortiq zarar yetkazgan.
Shu sababli, Jinoyat ishlari bo‘yicha Ellikqal’a tuman sudi tomonidan huquqbuzar M.A.dan Ellikqal’a tumani elektr ta’minoti bo‘limi foydasiga 43 mln. so‘m zarar undirish haqidagi qaror qabul qilingan.
Ushbu qaror Majburiy ijro byurosi Ellikqal’a tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan ijro harakatlariga kirishilgan.
Xususan, qarzdor M.A.ga sud qarori ijrosi ta’minlanishi lozimligi, uni ixtiyoriy ravishda bajarmaslik majburiy ijro harakatlariga kirishishga asos bo‘lishi haqida ogohlantirishlar berilgan.
Shunga qaramasdan qarzdor sud qarori ijrosini ta’minlashni istamagan va bo‘lim davlat ijrochisi unga tegishli bo‘lgan “DAMAS” rusumli avtomashinani joriy yilning 10-fevral kuni tuman ko‘chalarining birida harakatlanib yurgan paytida tegishli tartibda xatlovga olgan.
Shunda qarzdor M.A. avtomashina jarima maydonchasida turgani uchun qo‘shimcha to‘lov amalga oshirish kerakligini anglagan holda undirilishi lozim bo‘lgan 43 mln. so‘m zararni Ellikqal’a tumani elektr ta’minoti bo‘limi hisob raqamiga naqd pul ko‘rinishda to‘ladi, sud qarori ijrosi amalda ta’minlangan.
O‘zA