MIB xodimlari marhum ustozlar xotirasini yod etdi
Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimlari sohada uzoq yil mehnat qilib, pensiyaga kuzatilgan marhum Sherboy Mamatov xonadonida bo‘lib, yaqinlari holidan xabar oldi.
U kishining yaxshi insoniy fazilatlari, kasbiga mehri va ustozlik mahoratini eslab, oila a’zolari bilan dildan suhbat qurdi, sovg‘alar ulashdi.
–Ustozlar inson qaysi sohada mehnat qilmasin o‘z kasbini sevsa, unga umrini baxsh etadi, deya bejiz aytishmas ekan, – deydi MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi katta inspektori Qobiljon Tursunov.– Endi bilyapmizki hayotining ajralmas bir qismiga, mazmuniga aylangan kasbi uning jamiyatda o‘z o‘rnini egallashida muhim o‘rin tutar ekan. Marhum Sherboy Mamatov ham ana shunday fidoyi hamkasblarimizdan biri bo‘lgan. U kishi sohada faoliyat yuritgan yillari ko‘plab shogirdlar tarbiyaladi. Ayni paytda ular Sh.Mamatovning hayot yo‘lidan andoza olib, maslahatlariga amal qilib, tajribalariga tayanib, mehnat qilmoqda. Garchand bugun ustoz safimizda bo‘lmasada, qalbimizda mangu yashaydi. Shuningdek, xonadonlariga borib, oila a’zolari holidan xabar olish, sovg‘a-salomlar ulashish va hayotlik davridagi ajoyib xislatlarini yod etish ajoyib an’anaga aylandi.

Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 2000 yilda Sho‘rchi tumani prokuraturasi huzuridagi soliqqa oid jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi inspektorligidan boshlagan fidoyi yurtdoshimiz sohada turli lavozimlarda xizmat qilgan.
Oltmish bir yoshida olamdan o‘tgan Sherboy Mamatov 2017 yil O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Sherobod tuman bo‘limi boshlig‘i lavozimida ish yuritib, 2019 yilda Byuroning Termiz shahar bo‘lim boshliqligidan pensiyaga kuzatilgan. Shu yillarda dilkash inson, qat’iyatli rahbar, yaqin maslahatgo‘y va mohir qonun himoyachisi sifatida hamkasblari xotirasida unutilmas iz qoldirgan. Shogirdlariga kasbini sitqidildan sevishni, barcha bilan birdek xushmuomala bo‘lishni, oilasini qadrlashni o‘rgatgan. Shu boisdanmi soha xodimlari marhum ustozini tez-tez eslab, yaqinlari holidan xabar olib turadi.

Xalqimizga xos bunday ajoyib fazilat mamlakatimizda inson qadri naqadar ulug‘ligidan dalolat berish barobarida yosh avlod qalbida keksalarga izzat, ajdodlar ruhiga hurmat tuyg‘usini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA