MIB tadbirkorning qarzini undirib berdi
Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Termiz Jayxun Cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyati Qiziriq tumanida faoliyat yurayotgan “Surxon Cotton Textile Cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga o‘zaro shartnoma asosida tegishli xizmat ko‘rsatib, belgilangan xom ashyolarni o‘z vaqtida yetkazib bergan.
Biroq, ko‘rsatilgan xizmatlar va mahsulotlar uchun “Surxon Cotton Textile Cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyati shartnoma shartlarida ko‘rsatilgan to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan. Mazkur masala Qumqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rib chiqilib, hal etildi. “Termiz Jayxun Cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga 1 milliard 111 million 534 ming so‘m qarz undirish belgilandi.
Bu haqidagi ijro hujjati MIB Qiziriq tuman bo‘limi ish yurituviga qabul qilingach, qarzdor jamiyat rahbari ogohlantirildi. Belgilangan ixtiyoriy muddatda qarzdorlik to‘lab berilmagani uchun majburiy ijro etish choralari ko‘rilib, “Surxon Cotton Textile Cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyatining barcha hisob raqamlariga band solindi. Inkassa topshiriqnomalari yuborilib, qumqo‘rg‘onlik tadbirkor foydasiga qarzdorlik to‘liq undirib berildi. Shundan so‘ng ijro hujjati ish yurituvdan tugatilib, qarzdorga qo‘yilgan barcha cheklovlar bekor qilindi.
Islomiddin Zayniddinov,
MIB Surxondaryo viloyati,
Qiziriq tuman bo‘limi davlat ijrochisi